Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy-vatanparvarlik tadbiri
18:54 / 2026-02-28

Sirdaryo viloyatining chekka hududlaridagi yoshlar bilan samarali ishlash, ularni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida Mirzaobod tumanidagi 32-sonli umumta’lim maktabida keng ko‘lamli “Vatanparvarlik karvoni” tadbiri tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi, Guliston harbiy prokuraturasi, Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Bojxona boshqarmasi, Toshkent harbiy okrugi tasarrufidagi harbiy orkestr jamoasi, faxriy qorovul va harbiy qism xizmatchilari hamda Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamkorligida o‘tkazildi. Bu ko‘p tomonlama hamkorlik tadbirning mazmun va ta’sirini yanada oshirdi.

Tadbir davomida maktab o‘quvchi-yoshlariga harbiy xizmatning sharafli va mas’uliyatli jihatlari, Vatan himoyasining muqaddas burch ekani haqida keng tushunchalar berildi. Shuningdek, ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy orkestr ijrolari va mutaxassislar ishtirokida ochiq muloqotlar tashkil etildi. Yoshlar harbiy texnika va vositalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi, bu esa ularda xizmatga va Vatanga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Tadbir doirasida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning Vatanparvar yoshlari” shiori ostida ko‘rik-tanlov ham o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlovda ikki jamoa — “Kamolot” va “Kelajak” nomlari ostida ishtirok etdi. Yoshlar besh shart bo‘yicha bellashib, har bosqichda o‘z mahorati hamda ijodiy salohiyatlarini namoyish etishdi.

Har bir ishtirokchi o‘z ijodiy qobiliyati va fidoyilik ruhi bilan tadbirni yanada yorqin va yodda qolarli bo‘lishiga harakat qildi. 

Ko‘rik-tanlov yakunida g‘oliblar, faol ishtirok etgan jamoalar va o‘quvchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Hakamlar hay’ati esa ularning ijodkorligi va jamoaviy hamjihatligini alohida e’tirof etdi. 

G‘ulom Primov, O‘zA