Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy-vatanparvarlik tadbiri yoshlarda katta taassurot qoldirdi
15:24 / 2026-03-04

FOTOREPORTAJ

Mamlakatimizda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida milliy armiyamizdan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlar davom etmoqda. Navbatdagi shunday tadbir Jizzax garnizonidagi harbiy qismda Sharof Rashidov tumani 5-umumta’lim maktabi o‘quvchilari ishtirokida tashkil etilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘ldi.

Uchrashuv Jizzax garnizoni harbiy xizmatchilari, harbiy prokuratura, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari hamkorligida o‘tkazildi. Ushbu ochiq muloqot yoshlar uchun nafaqat ma’lumot manbai, balki harbiy mahorat va intizom darsiga aylandi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yoshlarni milliy armiyamiz salohiyati, sohadagi zamonaviy islohotlar bilan tanishtirish va ularda harbiy kasbga nisbatan mehr hamda hurmat uyg‘otishdir.

[gallery-27957]

Uchrashuvda so‘zga chiqqan soha mutaxassislari Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilishning sharafli va mas’uliyatli jihatlariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, oliy harbiy ta’lim muassasalarida kursantlar uchun yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar va berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi. Bu yo‘nalishdagi ma’lumotlar o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

– Bugungi uchrashuv bizda harbiy sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi, - deydi maktab o‘quvchisi Husniddin Ochilov. – Ayniqsa, harbiy qismdagi intizom va askarlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, kelajakda albatta Vatan himoyachisi bo‘lishga ahd qildim.

Tadbirning badiiy qismi ham yig‘ilganlarga o‘zgacha taassurot bag‘ishladi. Harbiy orkestr jamoasi tomonidan ijro etilgan mardlik va jasoratni targ‘ib etuvchi kuy va qo‘shiqlar o‘quvchilar qalbida jo‘shqinlik uyg‘otdi. Bu kabi ma’rifiy-tarbiyaviy kechalar yoshlarning milliy armiyamizga sodiq, komil inson va o‘z yurtining haqiqiy farzandi sifatida yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Uchrashuv savol-javoblar shaklida olib borildi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha masalalar bo‘yicha batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ldi. Bunday ochiq muloqotlar kelajakda harbiy sohani tanlamoqchi bo‘lgan yoshlar uchun muhim kasbiy maktab va tajriba manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA