Sirdaryo tumanida joylashgan harbiy qismda Vatan himoyachilari kuni oldidan "Yangi O‘zbekiston armiyasi–mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri" shiori ostida ochiq eshiklar kuni tadbiri o‘tkazildi.
"Vatanparvar" tashkiloti, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Sirdaryo tuman bo‘limi, nuroniylar, harbiy qism harbiylari hamda maktab o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda buyuk tariximiz, ulug‘ ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi sarkardalarning jahon sivilizatsiyasi hamda harbiy san’at rivojiga qo‘shgan hissalari to‘g‘risida, shuningdek, Vatan ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan yurtdoshlarimiz ko‘rsatgan vatanparvarlik va qahramonlik, ulardagi sadoqat, fidoyilik, matonat hamda jasorat kabi xislatlar to‘g‘risida so‘z yuritildi.



Ochiq eshiklar kuni tadbiri davomida harbiy qism harbiylari tomonidan "Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam" sport- sog‘lomlashtirish tadbiri ham o‘tkazilib, uning inson salomatligini saqlashdagi o‘rni haqida ma’lumot ham berildi. Shundan so‘ng, ochiq eshiklar kuni tadbiri ishtirokchilari harbiy qism harbiylari tomonidan harbiylarning kun tartibi, shart-sharoitlar, harbiy qism qurol- aslahalari, harbiy qism harbiy texnikalari bilan yaqindan tanishtirildi.



Bundan tashqari, harbiy qism harbiylari va tadbir ishtirokchilari o‘rtasida shaxmat-shashka musobaqasi ham o‘tkazilib, g‘oliblarga tashkilotchilarning sovg‘alari taqdim etilgan bo‘lsa, harbiylar tomonidan ijro etilgan Vatan, uning tinchligini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar esa tadbirga ko‘tarinkilik baxsh etdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri