O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida, oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida, harbiy qisimlarda harbiy-vatanparvarlik tadbirlari keng ko‘lamda o‘tkazilmoqda.
Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida Jizzax viloyatida “Milliy armiya — Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni!” shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali tashkil etildi. Mazkur festival
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi, Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qism, Milliy gvardiya hamda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamkorligida tashkil etildi. Unda 3-sonli ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktabi o‘quvchilari ham faol ishtirok etishdi.
Festival doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda so‘zga chiqqan mutasaddilar milliy armiyamizga bo‘lgan faxr-iftixor tuyg‘usini yanada oshirish, harbiy xizmatning mohiyati va ahamiyati, uning mamlakat tinchligi va barqarorligini ta’minlashdagi o‘rni haqida atroflicha fikr bildirishdi.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar tizimida yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, ta’lim olish va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Bundan tashqari, festival doirasida o‘tkazilgan “Mening armiyam — mening faxrim” mavzusidagi tasviriy san’at va ixtirochilik tanlovlari yoshlarning ijodiy hamda ilmiy salohiyatini namoyon etishga xizmat qilgani shubhasiz.
[gallery-26853]
Ishtirokchilar o‘z ishlarida milliy armiyamiz qudrati, harbiy xizmatchilarning jasorati va fidoyiligini yorqin aks ettirishdi. Tanlov g‘oliblari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi hamda viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.
Festival harbiy orkestr ijrosidagi vatanparvarlik kuy-qo‘shiqlari, qurol-aslaha va qutqaruv anjomlari ko‘rgazmasi, qo‘l jangi ustalari va faxriy qorovulning ko‘rgazmali chiqishlari hamda kamondan o‘q otish musobaqalari bilan yanada mazmunli o‘tdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari