Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy tibbiyot sohasida xalqaro hamkorlik
10:36 / 2023-05-23

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Markaziy klinik gospitalining yangi binosi ishga tushirilib, uning hududida Qurolli Kuchlar tibbiyot akademiyasi faoliyat boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lmadi. Shunga qaramay, Markaziy klinik gospital ham, Tibbiyot akademiyasi ham harbiy tibbiyot sohasida ko‘plab davlatlar bilan xalqaro aloqalar o‘rnatishga ulgurdi va bu borada qator yutuqlarga erishdi.

Markaziy klinik gospitalda faoliyat olib borayotgan tajribali harbiy shifokorlar xorijlik hamkasblari bilan murakkab jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirayotgani bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, Hindiston kabi o‘nlab davlatlar bilan tibbiy ta’lim sohasida hamkorlik aloqalarining o‘rnatilgani ham yutuqlar samaradorligini ta’minlamoqda. Eng asosiysi, hamkorlik aloqalarining doirasi yanada kengayib, O‘zbekiston harbiy tibbiyot sohasida o‘z o‘rniga ega bo‘lib bormoqda. 

Shu kunlarda Qurolli Kuchlar Markaziy klinik gospitalida pokistonlik harbiy jarrohlar va NATO harbiy tibbiyot mutaxassislari bilan ikki haftalik o‘zaro tajriba almashish jarayoni boshlandi. Markaziy klinik gospital shifokorlari hamkorlik aloqalari doirasida pokistonlik hamkasblari bilan qator jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishadi. Amaliyot davomida Pokiston davlati delegatsiyasiga tibbiyot polkovnigi Imron Ashraf boshchilik qiladi. Yurtimizga tashrif buyurgan doktor Imron Ashraf Qurolli Kuchlar Markaziy klinik gospitali bilan yaqindan tanishtirildi. 

NATO harbiy tibbiyot mutaxassislarining tashrifi esa Qurolli Kuchlar tibbiyot akademiyasi o‘quv jarayoni, amaliyot xonalari faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Jeyms Barlou (AQSH), Kolin Teylor (Kanada) va Rosen Rusanov (Bolgariya) kabi delegatsiya a’zolari O‘zbekistonga tashrifi davomida Qurolli Kuchlar tibbiyot akademiyasi kursantlari va soha mutaxassislari ishtirokidagi o‘quv kurslarida qatnashadi. 

Xorij delegatsiyasi vakillari bilan tashkillashtirilayotgan o‘zaro tajriba almashish dasturidan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi harbiy tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish va uni xalqaro standartlar asosida qurishdan iborat. 

N.Rahmonova, O‘zA