English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy-sport o‘yinlari yoshlarni chiniqtiradi
16:39 / 2023-07-04

O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti tomonidan Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” dala o‘quv maydonida “Amir Temur izdoshlari” spartakiadasi doirasida “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarining Respublika bosqichi o‘tkazildi.

Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan “Shunqorlar” harbiy-sport o‘yinlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar mahallalarida istiqomat qilayotgan “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turuvchi yoshlar hamda “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dan o‘rin olgan oilalar farzandlari qatnashdi. Jumladan, 17 yoshdan 22 yoshgacha bo‘lgan 140 nafar uyushmagan yoshlardan tashkil topgan 14 jamoa sinovdan o‘tkazildi. “Harbiy-vatanparvarlik bloki” da jamoa a’zolari O‘zbekiston harbiy tarixiga doir bilimlarini namoyish qildi.  

Shuningdek, jamoalarning fotoalbomlari va vimpellari, “Men, nechun sevaman O‘zbekistonni?” mavzusidagi taqdimot hamda harbiy-vatanparvarlik varaqalari ko‘rikdan o‘tkazildi. “Harbiy-amaliy ko‘pkurash bloki”da jamoalar pnevmatik quroldan o‘q otish, o‘quv granatasini uloqtirish va harbiylashtirilgan estafeta bo‘yicha bellashdi. Harbiylashtirilgan estafeta doirasida yoshlar “AK-74” avtomatini noto‘liq qismlarga ajratish va to‘liq yig‘ish hamda gazga qarshi niqobni kiyib, belgilangan masofaga yugurish shartlarini bajardi.  

[gallery-12580]

O‘yinlar davomida yoshlarning musobaqa shartlarini bajarishlarida g‘alabaga kuchli intilishi, harbiylikka bo‘lgan qiziqishi sezilib turdi. Do‘stona shu bilan birga murosasiz kechgan turnir yakunida Xorazm viloyati jamoasining qo‘li baland kelib, O‘zbekiston Respublikasi mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Markaziy kengashi raisining kubogini o‘zida saqlab qoldi.  

Ikkinchi o‘rin Navoiy viloyati, uchinchi o‘rin esa Samarqand viloyati jamoalariga nasib etdi. Yakunda g‘oliblik va faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan jamoalar a’zolari diplomlar va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.  

E’tiborlisi, mazkur o‘yinlarda yuqori natijalarni ko‘rsatgan 11 nafar yigit va qizlar sport razryadlariga ega bo‘ldi.  

A.Musayev, D.Ernazarov (surat), O‘zA.