Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy-sport musobaqalarida kuchlilar saralandi
13:00 / 2022-04-09

Markaziy harbiy okrugining Navoiy garnizonidagi harbiy qismda Mudofaa vaziri kubogi uchun “Vatanparvarlar” harbiy-sport musobaqalarining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Umumta’lim maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilaridan tashkil topgan 9 ta jamoa “Mohir mergan”, “Harbiy estafeta”, “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish”, “Duatlon” va “Temur tuzuklari bilimdoni” shartlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi.

Musobaqaning “Mohir mergan” bahsida har bir jamoadan bir nafar o‘g‘il va bir nafar qiz bola ishtirok etib, dala-o‘quv maydonida merganlik mahoratini namoyish etgan bo‘lsa, “Harbiy estafeta” shartida har bir jamoadan 4 nafar ishtirokchi avtomatni noto‘liq qismlarga ajratib yig‘di, gazga qarshi niqobni kiyib, yuk avtomobilining g‘ildiragini aylantirib yugurdi.



Musobaqaning “Jabrlanuvchiga birinchi yordam ko‘rsatish” shartida ikki nafardan ishtirokchi shartli jabrlanuvchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatdi.

“Duatlon” bahsida o‘g‘il bolalar dastlab 750 metr masofaga yugurib kelib, velosiped yordamida 1500 metr masofani bosib o‘tdi va yana finishga qadar 750 metr masofaga yugurdi. Qizlar bahsida esa ishtirokchilar 500 metrga yugurish, so‘ngra 1000 metrga velosipedda va qolgan 500 metr masofadan yugurib o‘tdi.

“Temur tuzuklari bilimdoni” shartida o‘quvchilar o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. Ular umumjamoa hisobida 5 tadan savolga javob berdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Navoiy shahridagi 1-umumta’lim maktabining “Amir Temur izdoshlari” jamoasi egallab, musobaqaning respublika bosqichida viloyat sharafini himoya qiladigan bo‘ldi. Musobaqada 2-o‘rinni Karmana tumanidagi 21-umumta’lim maktabining “Sheryurak” va 3-o‘rinni Navbahor tumanidagi 26-umumta’lim maktabining “Temuriylar” jamoasi qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, musobaqada “Eng kuchli sportchi”, “Mohir mergan” hamda “Temur tuzuklari bilimdoni” nominatsiyasi g‘oliblari ham aniqlandi.

G‘olib va sovrindorlar okrug qo‘mondonining kubok, medal, diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA