Yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga jalb etish, ular orasida harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, jismoniy va ma’naviy tarbiyasiga ko‘maklashish maqsadida yurtimizda qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan ommaviy harbiy-sport musobaqalarini mahalliy darajada samarali tashkil etish doirasida Sirdaryo viloyatida “Shijoat va g‘ayrat” harbiy-sport musobaqasining viloyat bosqichi yuqori saviyada tashkil etildi.

Musobaqa Mirzaobod tumanida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining ixtisoslashtirilgan o‘quv markazida bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar 6 shart bo‘yicha o‘z mahoratlarini namoyon etdilar. Bellashuvlar ishtirokchilarning ruhiy baquvvatligi, jismoniy tayyorgarligi, tezkorligi, merganligi va jamoaviy hamkorlik qobiliyatini baholashga yo‘naltirildi.

Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Mirzaobod tumani jamoasi, 2-o‘rinni Sardoba tumani jamoasi, 3-o‘rinni esa Sirdaryo tumani jamoasi egalladi.

Shuningdek,“Eng kuchli sportchi”, “Eng chaqqon o‘smir”, “Eng chaqqon qiz”, “Eng yaxshi qurolsoz”, “Eng kuchli mergan” nominatsiyalari bo‘yicha ham g‘oliblar aniqlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri