Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy sohadagi qonunchilik asoslari
17:46 / 2026-01-14

Bugun mamlakatimiz bo‘ylab O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi keng nishonlanmoqda. Soha vakillarining mamlakatimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash, milliy xavfsizlik, chegaralarimiz mustahkamligini ta’minlash yo‘lidagi o‘rni va ishtiroki, fidoyiligi va mardonavorligi alohida tahsinga sazovor.

Ta’kidlash lozimki, so‘nggi yillarda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekiston Qurolli Kuchlarini xalqaro standartlar darajasida rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Bunda, avvalo, sohaning mustahkam huquqiy asoslar bilan ta’minlangani alohida e’tiborga molik. Xususan, 2018 yilda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasi mamlakat mudofaa siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab, Qurolli Kuchlarni rivojlantirish, milliy xavfsizlikni ta’minlash va zamonaviy tahdidlarga qarshi samarali javob qaytarishning konseptual asoslarini yaratdi. Mazkur hujjat harbiy qurilish, qo‘shinlar tayyorgarligi va mudofaa sohasida davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishda strategik dastur vazifasini bajarmoqda.

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida mazkur Mudofaa doktrinasi hamda 1997 yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish zarurligini ilgari surdi. Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatimizni hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etishini, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini ta’minlashi lozimligi ta’kidlandi.  

Darhaqiqat, ushbu muhim hujjatning bugungi davr talabidan kelib chiqqan holda yanada takomillashtirilishi mamlakatning ichki va tashqi siyosatdagi barqarorligiga, milliy xavfsizligimizni ta’minlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, sohada «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi to‘g‘risida»gi hamda «Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida»gi qonunlar milliy xavfsizlik tizimini institutsional jihatdan mustahkamlashga xizmat qildi. Ushbu qonunlar davlatning barqarorligini ta’minlash, strategik ob’ektlar va jamoat xavfsizligini muhofaza qilish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatining aniq vakolatlari va o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini belgilab berdi.  

Davlat chegaralarini muhofaza qilish va himoyalash sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi «O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi to‘g‘risida»gi qonuni yangi tahrirda qabul qilinishi chegara xavfsizligini ta’minlashning huquqiy asoslarini zamon talablariga moslashtirdi.  

Davlatni tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish, jamoat tartibini saqlash va aholini muhofaza qilishga qaratilgan «Favqulodda holat to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun, «Qurol to‘g‘risida»gi hamda «Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida»gi kabi qator qonunlar esa milliy xavfsizlik tizimini kompleks va huquqiy jihatdan mukammal mexanizmga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Davlat mudofaa buyurtmasi to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi esa davlat ehtiyojlari uchun qurol-yarog‘ va harbiy texnikani rejali, shaffof va samarali xarid qilish tizimini yo‘lga qo‘yishga xizmat qilmoqda.

Umuman, harbiy sohadagi qonunchilik hujjatlari Qurolli Kuchlar tuzilmalarining vazifa va vakolatlari hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini belgilab, mamlakatimizning barqarorligi, xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, davlatni tashqi va ichki tahdidlardan himoyalash, jamoat tartibini saqlash va aholini muhofaza qilish, yurt osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgan fidokorona sa’y-harakatlarga asos bo‘lmoqda.  

Muhtarama Komilova, O‘zA