French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy shifokorlar chekka hududlarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda
16:56 / 2023-06-06

Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Termiz harbiy gospitalining malakali shifokorlari Surxondaryo viloyati mahallalarida bo‘lib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi salomatligini muhofaza qilib, tibbiy madaniyatini yuksaltirish  va bemorlar dardiga malham bo‘lib, ularning jamiyatdagi qadrini ulug‘lash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bunday ezgu ish endilikda xastalikka chalingan bemorlarning hududga yaqin shaharlar yoki poytaxtga borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va davolanishiga chek qo‘ydi.  

Bu jarayonda sog‘ligidan shikoyat qilayotgan bemorlar joyida bepul sifatli tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tibbiy yordamga muhtojlik darajasi aniqlanmoqda. Yuqori tibbiy amaliyot talab etiladigan murojaatchilarga shu yerning o‘zida imtiyozli davolanish uchun tegishli hujjat rasmiylashtirib berilmoqda.  

Janubdagi viloyat markazidan ancha uzoqda joylashgan Bandixon tumanining Birdamlik mahallasida erta tongdan harbiy gospital shifokorlari tashkil etgan sayyor tibbiy ko‘rik ham hudud aholisining sog‘ligini muhofaza qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Mahallada malakali harbiy shifokorlarga murojaat etgan fuqarolar tajribali mutaxassislar tomonidan bepul ko‘rikdan o‘tkazildi.  

Sayyor tibbiy qabulda Birdamlik mahallasida yashaydigan yuzga yaqin fuqaroning salomatligi tekshirildi. Ularning 21 nafari Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasiga biriktirilgan ijtimoiy hamda boshqalar ko‘magiga muhtoj bolalardir.  

Tibbiy ko‘rik chog‘ida kasallik aniqlangan bemorlarga tegishli shifoxonalarga yo‘llanma berildi. Davolanish va kasalliklar profilaktikasi yuzasidan maslahat va tavsiyalar bildirildi.  

–Ko‘p yillardan buyon tobim yo‘q, – deydi Birdamlik mahallasida yashaydigan Mardon Avazov. – Endi 21 yoshda bo‘ldim. Mahallamizda harbiy shifokorlarning tibbiy ko‘rik o‘tkazayotganini eshitib, juda quvondim. Ular tekshiruvdan o‘tkazib, kasalligimga aniq tashxis qo‘yib berdi. Ertadan tuman tibbiyot birlashmasida bepul davolanishim uchun yo‘llanma ham berishdi. Anchadan buyon viloyat markazigami, poytaxtgami borib, tibbiy ko‘rikdan o‘tishni maqsad qilib yurgandim. Mablag‘im kamligidan o‘ylanib turgandim. Malakali harbiy shifokorlarning olis mahallamizga kelib, tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgani katta ish bo‘ldi. Sog‘ligimizga aniq tashxis qo‘yilgach, ko‘nglimiz ancha xotirjam tortdi. Bunday e’tibor va g‘amxo‘rlikdan  minnatdormiz.  

Termiz harbiy gospitali shifokorlari yil yakunigacha viloyatning boshqa tumanlarida ham aholi uchun sayyor tibbiy ko‘riklar tashkil etadi.  

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA