Prezident topshirig‘i – amalda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 26-27-fevral kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qurolli Kuchlar salohiyatini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning jangovar shayligini yuksaltirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berilgan edi.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida bugun Termiz shahridagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida harbiy qismlarga maxsus texnikalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
[gallery-28012]
Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi – harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov tegishli idoralar mutasaddilari ishtirokida harbiy qismlarga ajratilgan maxsus texnikalar kalitlarini tantanali ravishda topshirdi. Oliy Bosh Qo‘mondon topshiriqlari asosida harbiy qismlarning jangovar shayligini oshirish ishlarini izchil davom ettirish qayd etildi.
Marosim yakunida viloyat rahbari “Yosh chegarachilar” harbiy-akademik litseyida yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayoni, nazariy va amaliy mashg‘ulotlar bilan yaqindan tanishdi. Litsey o‘quvchilari bilan “Hokim va yoshlar” uchrashuvi o‘tkazildi. Ochiq muloqotda bo‘lajak sarhadlarimiz qalqonlarining taklif va tashabbuslari, murojaatlari tinglanib, ularni amalga oshirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri