Harbiy-vatanparvarlik oyligi doirasida Jizzax garnizonidagi harbiy qismda “Milliy armiyamiz – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan mazkur tadbir Jizzax garnizonidagi “n” harbiy qism, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi, 524-sonli Safarbarlik chaqiruv rezervi (SCHR) batalioni hamda Sharof Rashidov tumani hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbir davomida yoshlar harbiy xizmatchilarning kundalik hayoti, xizmat sharoitlari, harbiy texnika va qurol-yarog‘lar bilan yaqindan tanishdilar. Amaliy ko‘rgazmalar, qo‘l jangi chiqishlari va faxriy qorovul namoyishlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– Ushbu tashkil etilgan tadbirimiz yoshlarni harbiy kasbga qiziqtirish, harbiy ta’lim muassasalariga yo‘naltirish hamda kelajakda Vatan himoyachisi bo‘lishlariga undashda muhim ahamiyat kasb etadi, – dedi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Jizzax viloyati kengashi harbiy bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Rahmonjon Ochilov.
Shuningdek, ochiq muloqotlar orqali yoshlarga harbiy ta’lim muassasalariga qabul shartlari va xizmat o‘tash imkoniyatlari haqida ma’lumotlar berildi.
[gallery-27083]
Qayd etish joizki, harbiy-vatanparvarlik oyligi doirasida o‘tkazilayotgan “Ochiq eshiklar kuni” kabi tadbirlar yoshlarda Vatan himoyasiga nisbatan mas’uliyat hissini kuchaytiradi. Mazkur tadbir orqali 5 ming nafarga yaqin yoshlar qamrab olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA