Harbiy qismda yangi binolar foydalanishga topshirildi
Mehmonlar madaniyat markazi va u yerda tashkil etilgan muzey bilan tanishib, harbiy qism badiiy havaskorlik jamoasining konsert dasturini tomosha qildilar.
Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi oldidan Mudofaa vazirligi Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondonligi tasarrufidagi Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida joylashgan harbiy qismda ham qator binolar foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining oʻrinbosari polkovnik Zoirjon Bazarbayev, Toifalangan obyektlarni qoʻriqlash qoʻshinlari qoʻmondoni polkovnik Jurʼat Yakubov, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi direktori Akbar Fazilov hamda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari harbiy qism hududida yangitdan barpo etilgan “Vatanga qasamyod” monumenti, 200 oʻrinli madaniyat markazi, oshxona, 80 kishilik yotoqxona, sport zali, avtoturargoh hamda saf maydonini koʻzdan kechirdi.
Yurt farzandlarini Vatanga sadoqatli, kuchli va mustahkam irodali qilib tarbiyalashdek yuksak maqsadga xizmat qiluvchi “Vatanga qasamyod” monumenti poyida har bir inson mamlakat tinchligi va osoyishtaligi yoʻlidagi masʼuliyatni yana-da teranroq his etadi.
Mehmonlar madaniyat markazi va u yerda tashkil etilgan muzey bilan tanishib, harbiy qism badiiy havaskorlik jamoasining konsert dasturini tomosha qildilar. Yotoqxonaga tashrif buyurgan mehmonlarda binoning zamonaviyligi, shinam va qulayligi katta taassurot qoldirdi.
Tadbirning tantanali qismida soʻz olganlar hukumatimiz va mudofaa vazirligi rahbariyati tomonidan harbiy xizmatchilarga koʻrsatilayotgan doimiy eʼtiborni alohida eʼtirof etdilar. Binolarning qurilishida jonbozlik koʻrsatgan bir guruh quruvchilar va harbiy xizmatchilar munosib ragʻbatlantirildi. Shuningdek, harbiy qismga Mudofaa vazirining sovgʻasi - yengil avtomashina tantanali ravishda topshirildi.