FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida Surxondaryo viloyatining Denov tumanida joylashgan Xayraobod garnizonidagi harbiy qismga ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi. Press-tur jurnalistlarga harbiy hayotning ichki muhitini yaqindan ko‘rish va milliy armiyamiz faoliyati bilan tanishish imkonini berdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilarga harbiy qismning tashkil topish tarixi, uning bosib o‘tgan yo‘li hamda bugungi kundagi rivojlanish bosqichlari haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng mehmonlar bu yerda yaratilgan zamonaviy infratuzilma va harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.
[gallery-27088]
Tadbir qatnashchilari kutubxona, o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan sinfxonalar, ma’naviy-ma’rifiy markazlar, sport inshootlari va dam olish hududlari bilan tanishdi. Ayniqsa, boshqa hududlardan kelib xizmat qilayotgan harbiylar uchun tashkil etilgan baxshichilik, chanqovuz ijrosi hamda chavandozlik to‘garaklari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Press-tur davomida harbiy xizmatchilar jangovar tayyorgarlik, jismoniy chiniqish va ma’naviy kamolot yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar, shuningdek, zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan ishlash jarayoni haqida OAV vakillariga ma’lumot berdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA