Ohangaron tumanidagi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan “Armiya va xalq – bir tan-u bir jon” shiori ostida “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tuman hokimligi, harbiy qism hamda tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlar qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash, ularni harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishini oshirishdan iboratdir.


Maktablardan kelgan o‘quvchilarga chegarachilarning kundalik xizmat faoliyati, Vatan sarhadlarini himoya qilishdagi mas’uliyatli vazifalari haqida batafsil ma’lumot berildi. Tashkil etilgan ko‘rgazmada esa harbiy qismdagi mavjud qurol-aslahalar, maxsus texnika va zamonaviy jihozlar namoyish etildi. Harbiy xizmatchilar tomonidan ushbu texnikalardan foydalanish tartibi, xavfsizlik qoidalari va jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlari haqida tushuntirildi.


Shuningdek, tadbir davomida harbiylar tomonidan tayyorlangan jangovar sahnalar, tezkor harakatlar va maxsus taktik mashg‘ulotlar namoyish etildi. Ayniqsa, xizmat itlari ishtirokida ko‘rsatilgan namunali chiqishlar maktab o‘quvchilarida katta qiziqish uyg‘otib, ularda unutilmas taassurot qoldirdi.

Tadbirda tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi G‘anisher Navro‘zov, tuman Yoshlar ishlari bo‘limi, Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi, mutasaddi tashkilot rahbarlari yoshlar bilan suhbat qildi. Vatanga sadoqat, tinchlik va osoyishtalikni asrash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekani ta’kidlandi.

– Bu kabi tadbirlar orqali yoshlarga harbiy sohaning qanchalik mas’uliyatli va sharafli ekanini ko‘rsatyapmiz. O‘z navbatida o‘g‘il-qizlarimiz ham faol bo‘lmoqda, – deydi Ohangaron tumani hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi G‘.Navro‘zov.


Tadbir yakunida o‘quvchilar harbiy xizmatchilar bilan yaqindan suhbatlashib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Musayev, O‘zA.