Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy qismda ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
15:48 / 2025-08-13

Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismlardan birida “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun” g‘oyasini o‘zida mujassam etgan “Vatan uchun yashaylik!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Respublika ma’rifat targ‘ibotchilari kengashi vakillari, Nodavlat ta’lim muassasalari assotsiatsiyasi rahbariyati, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati Kengashi vakillari, faollar, boks bo‘yicha xalqaro musobaqalar g‘oliblari hamda muddatli harbiy xizmatchilar ishtirok etdi. 

Dastlab, ma’naviyat targ‘ibotchilari mustaqillik – xalqimizning bebaho ne’mati, milliy o‘zlikning muqaddas ramzi ekanini alohida e’tirof etdi. Vatan tinchligi, yurt osoyishtaligini asrash har bir fuqaroning, ayniqsa, harbiy xizmatchilarning muqaddas burchi ekani ta’kidlandi. 

Ma’naviyatning qudrati esa eng murakkab sinovlarda ham insonni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasligi, unga kuch-g‘ayrat va qat’iyat bag‘ishlashi bilan izohlab berildi. Tadbir davomida yosh avlod qalbida ma’rifat va ma’naviyatga bo‘lgan mehrni uyg‘otish, ularni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Ma’rifiy kecha doirasida tajribali psixologlar tomonidan harbiy xizmatchilar bilan ruhiy holatni mustahkamlashga qaratilgan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Bu treninglarda harbiylar o‘zaro ishonch, jamoaviy muvofiqlik, stressni boshqarish va qaror qabul qilishdagi psixologik mexanizmlar bilan tanishdi. 

Mazkur mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarda ruhiy barqarorlikni oshirish bilan birga, ularning ijtimoiy ongini shakllantirishga ham xizmat qildi. Badiiy qismda san’at va adabiyotning ma’naviy kuchi yana bir bor namoyon etildi. Yoshlar ittifoqi faollari tomonidan sahnalashtirilgan, jadidchilik harakatining zabardast vakili Abdulhamid Cho‘lpon hayotiga bag‘ishlangan sahna ko‘rinishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. 

Harbiy xizmatchilar tomonidan ijro etilgan “Onamga” monologi esa har bir qalbda ona, oilaviy qadriyat va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yana bir bor uyg‘otdi. Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, ijodkor Obiddin Mahmudov tomonidan yozilgan “Farzandnoma” badiiy-publitsistik asari harbiy qism kutubxonasiga tantanali tarzda topshirildi. 

Tadbir yakunida mehmonlar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. 

A.Musayev, O‘zA.