-
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Toshkent harbiy okrugi qo‘mondonligi, Guliston harbiy prokuraturasi, Sirdaryo viloyati Milliy gvardiya boshqarmasi Mudofaaga ko‘maklashuvchi Vatanparvar tashkiloti bilan hamkorlikda Mirzaobod tumanidagi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda o‘quvchi va talaba- yoshlar ishtirokida “Bugungi kun yoshlari-ertangi kun Vatan himoyachilaridir” shiori osti “Harbiy qismda bir kun” loyihasi o‘tkazildi.
Yoshlar harbiy qismda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishtirildi hamda yoshlar uchun qurol-aslahalar ko‘rgazmasi namoyish qilindi.
Shuningdek, viloyatda joylashgan oliy ta’lim muassasalaridagi “Qalqon” jamoatchilik guruhlari yoshlari ishtirokida harbiy vatanparvarlik sport musobaqalari o‘tkazildi.
Bunda yoshlar AKM avtomatini qismlarga ajratish va yig‘ish, turnikka tortilish, pnevmatik quroldan o‘q otish, kamondan o‘q otish, arqon tortish, “Amir Temur tuzuklari bilimdoni” kabi shartlar asosida bahslashdi.
Musobaqa natijalariga ko‘ra, faxrli birinchi o‘rinni Guliston davlat universiteti “Qalqon” guruhi egalladi. Musobaqa yakunida g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri