Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi hamda Nukus harbiy prokuraturasi tashabbusi bilan yoshlarni harbiy hayot bilan yaqindan tanishtirish, ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlash hamda harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida Nukus shahridagi harbiy qismlardan birida “Harbiy qismda bir kun” loyihasi tashkil etildi.
Tadbirning ochilishida so‘zga chiqqan mutasaddilar mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar, xususan, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga sadoqat va daxldorlik ruhida tarbiyalash borasidagi tizimli ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Yoshlar kun davomida harbiy qismning ichki tartib-qoidalari, kunlik rejasi va harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
[gallery-27900]
Harbiy xizmatchilar tomonidan yoshlar uchun qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar namoyishi tashkil etildi. Mutaxassislar qurollardan foydalanish qoidalari, xavfsizlik choralariga rioya qilish tartibi hamda zamonaviy harbiy texnologiyalar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, kun davomida ma’naviy-ma’rifiy mashg‘ulotlar ham o‘tkazilib, ularda Vatanga sadoqat, harbiy burch va mas’uliyat, yurt tinchligini saqlashning ahamiyati haqida suhbatlar tashkil etildi. Harbiy prokuratura vakillari tomonidan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, harbiy xizmat davomida qonunchilikka rioya qilish, intizom va mas’uliyat masalalari yuzasidan tushuntirishlar berildi.
“Harbiy qismda bir kun” loyihasi yoshlar uchun nafaqat qiziqarli, balki, katta hayotiy tajriba maktabi bo‘ldi. Tadbir yakunida harbiy qism rahbariyati va mas’ul xodimlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, harbiy ta’lim muassasalariga kirish tartibi, xizmat o‘tash shartlari va yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.