Andijon shahridagi harbiy qismda yangi yil bayrami savdo yarmarkasi tashkil etildi.
Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolariga qulaylik yaratish, bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishlariga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkasida sifatli va sarxil mevalar, sabzavot va poliz, umuman, ko‘plab turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotuvi yo‘lga qo‘yildi.
– Bayramoldi savdo yarmarkasi tashkil etilganidan, ayniqsa, biz harbiylarning ayollari behad quvondik, – deydi Madinaxon Ahmedova. – Chunki bozorga borib yurmasdan yangi yil dasturxoni uchun zarur mahsulotlarni shu yerdan sotib olamiz. Bu ham qulay, ham vaqtimizni tejaydi. Qolaversa, yarmarka ochilishi doirasida tashkil etilgan turli tadbirlar, Qorbobo, Qorqizning tashrifi farzandlarimizga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Yarmarka ochilishi tadbiri doirasida harbiy xizmatchilar farzandlari o‘rtasida “Mening armiyam – mening faxrim” mavzusida rasmlar tanlovi o‘tkazildi. Shuningdek, kitobxonlikni targ‘ib etish maqsadida kitob yarmarkasi ham tashkil etildi.
[gallery-21087]
Rasmlar tanlovining g‘oliblari, faol ishtirokchilari faxriy yorliq, esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi. Qorbobo va Qorqiz tomonidan eng ko‘p kitob sotib olgan oilalarga kitob jamlanmalari sovg‘a qilindi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari