Davlatimiz rahbarining 2024 yil 12 yanvardagi “Respublikaga xorijiy turistlar oqimini keskin oshirish hamda ichki turizmni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida «O‘zbekistonda yana bir kun sayohat» dasturi amalga oshirilmoqda.
Dastur doirasida «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» ichki turizm yarmarkalari o‘tkazilishi bilan bir qatorda vazirlik va idoralar xodimlarining yurtimizning diqqatga sazovor joylariga sayohat uyushtirishi odat tusiga kirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan ham "Prokuratura organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi” hamda ichki turizmni rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida xodimlar va ularning oila a’zolari ishtirokida mamlakatimizning diqqatga sazovor joylariga, xususan, qadimiy shaharlar, tarixiy obidalar va ziyoratgohlarga sayohatlar tashkil etib kelinmoqda.

Bu gal dunyo sayqali, qadimiy va navqiron Samarqand shahriga bo‘lib o‘tgan ikki kunlik sayohat esa respublikamizdagi barcha hududiy harbiy prokuraturalarning texnik xodimlari, ishchi-xizmatchilari va ularning farzandlarini ilk bor bir go‘shada jam etgani bilan ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda ishtirokchilar tomonidan Samarqandning tarixiy-me’moriy majmualariga va diqqatga sazovor maskanlariga tashriflar uyushtirildi.
Sayohatchilar shaharning tarixiy obidalari va madaniyati hamda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Bunday sayohatlar xodimlar uchun nafaqat madaniy hordiq, balki tarix va madaniyatni bilish, anglash, qolaversa, yurtni sevishga asos yaratadi.
N.Abduraimova, O‘zA