Kongress qo‘shimcha mablag‘ ajratishni ma’qullamasa, tez orada Qo‘shma Shtatlarning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun mablag‘i yetishmay qolishi mumkin. Bu haqda “CNN” telekanaliga Oq uy milliy xavfsizlik kengashi strategik kommunikatsiya bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi bayonot berdi.
- Biz so‘rayotgan qo‘shimcha moliyalashtirish amalga oshirilmasa, Ukrainani kuz va qish oylarida qo‘llash imkoniyatimiz chegaralanib qoladi, - degan u.
AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Maykl Payl Ukraina kelajakda harbiy yordam olishi uchun mamlakatda o‘tkazilishi zarur bo‘lgan islohotlar ro‘yxatini yo‘lladi. Bu maktub matni “Ukrainskaya pravda” nashrida e’lon qilindi.
Bir guruh amerikalik qonunshunoslar AQSH Prezidentining milliy masalalar bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivanga murojaat qilib, Ukrainaga berilgan mablag‘ miqdori haqida ma’lumot so‘ragan. Ayni hujjatni senator Jeyms Devid Vens ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida oshkor qilgan.
BMT inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan Ukrainada tekshiruv o‘tkazish mustaqil komissiyasi mamlakat Qurolli kuchlarining inson huquqi buzilishi to‘g‘risidagi tezkor va chuqur tekshiruvi natijasini kutib qolishini eslatgan. Bu haqda Kengashning Jenevada o‘tayotgan 54-sessiyasi hisobotida aytildi.
Mamlakatda vengr ozchiligi huquqi tiklanmaguncha, Vengriya xalqaro darajada Ukrainani qo‘llab-quvvatlamaydi. Bosh vazir Viktor Orban parlamentdagi chiqishida shunday bayonot berdi.
Italiya sobiq Bosh vaziri, Yevrokomissiya sobiq rahbari Romano Prodi Ukrainadagi ziddiyatni faqat AQSH va Xitoy ishtirokida hal etish mumkin, degan.
Polshaning Ukrainani o‘zaro iliq munosabatni tiklashga majburlash niyati yo‘q, ushbu davlat bilan do‘stlik aloqasi bo‘lmasa ham hayot davom etaveradi. Bu haqda Prezident ma’muriyatining xalqaro siyosat byurosi rahbari Marchin Pshidach “RMF FM” radiosiga intervyusida aytib o‘tdi.
“Biz NATO va YeI a’zosimiz, mustahkam davlatchiligimiz bor. Ukraina hozir dardman, Polshadan yordam so‘rashi kerak. So‘ramasa, majburlash yo‘q. Ukraina biz bilan do‘st bo‘lishni istamayapti”, degan u.
Ziddiyat davomida harbiy jinoyatlarni hujjatlashtirib yurgan Ukraina Bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Gyunduz Mamedov boshqa mamlakatlar, xususan Germaniya sud idoralarini ayni tekshiruvga qo‘shilishga chorladi. “DRA” agentligi xabarida u o‘tgan yil dekabr oyidan beri gumanitar xalqaro huquq qoidasi 500 martadan ko‘proq buzilganini qayd etgan. Mamedov aytishicha, Germaniya Suriyadagi fuqarolar urushi chog‘ida aholiga qarshi qo‘llangan jinoyatlarni nazoratga olgan. Shuning uchun ham u nemis hokimiyatini yordamga chaqirgan.
Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy Prezident Vladimir Zelenskiyni boshqa hech qachon BMTdagi chiqishi kabi “polyaklarni haqorat” qilmaslikka chaqirdi. U Ukraina yetakchisining BMT Bosh assambleyasida Polshani tanqid qilib, “Yevropadagi boshqa do‘stlarimiz don tashish masalasi atrofida bunday triller – “siyosiy teatr” namoyish qilmagan edi”, degan bayonotiga shu tarzda javob bergan.
Amerikaning ilk “Abrams” tanklari Kiyevga yetib keldi, deya ma’lum qildi Zelenskiy. Avvalroq “The New York Times” nashri tanklar rejadan bir oy oldin yetib borgani xabarini bergan edi.
Abror Xon, O‘zA