Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasida Payshanba — huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni doirasida shaxsiy tarkib bilan navbatdagi ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda xizmat intizomini mustahkamlash, huquqbuzarlik va korrupsiya holatlarining oldini olish bo‘yicha qator vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda FVV Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari, Toshkent harbiy sudi raisi Jamshid Rahmonov, Guliston harbiy prokurori, adliya podpolkovnigi Farrux Djumayev, Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul mutaxassislari hamda shahar-tuman bo‘limlari shaxsiy tarkibi ishtirok etdi.

Muloqotda so‘zga chiqqanlar harbiy intizom va xizmat madaniyati har bir xodim faoliyatining asosiy mezoni ekanini ta’kidlab, xizmat vazifasini bajarishda qonunlarga amal qilish, shaxsiy tartib-intizomga qat’iy rioya etish zarurligini qayd etdilar. Har qanday huquqbuzarlikning oldini olish, xizmatda poklik va mas’uliyatni kuchaytirish bo‘yicha ogohlantirishlar berildi.
Guliston harbiy prokurori Farrux Djumayev o‘z nutqida korrupsiyaning harbiy xizmat va favqulodda vaziyatlar tizimi uchun jiddiy xavf keltirishini ta’kidlab, bu illat odatda “kichik xatolardan” boshlanishini qayd etdi:

“Korrupsiyaning eng xavfli jihati — uning ko‘zga ko‘rinmas, kichik holatlardan boshlanib, keyinchalik tizimli muammoga aylanib borishida. Har bir xodim o‘z vazifasiga vijdonan yondashsa, biror manfaat evaziga qonundan chetga chiqmasa, bu illatning ildizi o‘z-o‘zidan qirqiladi,” – dedi prokuror.

Shuningdek, Farrux Djumayev huquqbuzarliklarning oldini olishda rahbarlarning shaxsiy namunasi muhim o‘rin tutishini ta’kidladi:
– Xodim talabga rioya qilishi uchun, avvalo, rahbarning o‘zi qonun ustuvorligining namunasi bo‘lishi shart. Intizomni mustahkamlash — bu faqat jazo emas, balki xizmat muhitini sog‘lomlashtirish, ishga nisbatan hurmatni kuchaytirish demakdir, – deya fikr bildirdi prokuror.

Tadbirda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati tushuntirildi, xizmat mudofaasi va shaxsiy xavfsizlikka oid talablar qayta eslatib o‘tildi. Shaxsiy tarkib uchun maxsus videomateriallar namoyish qilinib, huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratilgan fikrlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida harbiy intizomni mustahkamlash, profilaktik tadbirlarni tizimli davom ettirish, xizmatga mas’uliyat va poklik bilan yondashish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab qo‘yildi.
G‘ulom Primov, O‘zA