Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy hayot bilan yaqindan tanishishdi
16:22 / 2026-03-02

Sirdaryo viloyatining Mirzaobod tumanidagi O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi o‘quv markazida yoshlar o‘rtasida giyohvandlik va boshqa zararli illatlarga qarshi immunitetni shakllantirish, vatanparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash, harbiy xizmatga qiziqishni oshirish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida “Biz giyohvandlikka qarshimiz” shiori ostida “Harbiy qismda bir kun” ma’rifiy-targ‘ibot loyihasi tashkil etildi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining Sirdaryo viloyati Kengashi tashabbusi bilan Guliston harbiy prokuraturasi, Milliy gvardiyaning viloyat bo‘yicha boshqarmasi hamda Milliy gvardiya o‘quv markazi hamkorligida o‘tkazildi.

Tadbir davomida o‘quvchi-yoshlar harbiy o‘quv markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ular uchun qurol-aslaha va harbiy texnikalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, mutaxassislar tomonidan yoshlarga harbiy xizmatchilarning kundalik xizmat jarayonlari, intizom va mas’uliyat, jismoniy va ma’naviy tayyorgarlik haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, yoshlar turli sport va harbiy-amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdilar. Jumladan, kamondan o‘q otish va elektron tir mashqlari orqali o‘z kuch va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdilar.

Tadbir davomida mutasaddilar  yoshlarga giyohvandlikning inson salomatligi va kelajagiga salbiy ta’siri haqida tushuntirish ishlarini olib borishdi. Sog‘lom turmush tarzi, ma’naviy barkamollik va huquqiy madaniyatning ahamiyati yuzasidan tavsiyalar berishdi.

— Bu tadbir yoshlar uchun nafaqat harbiy hayot bilan tanishish imkonini beradi, balki giyohvandlik va boshqa zararli illatlarga qarshi immunitetni shakllantirish, Vatanga muhabbat va mas’uliyat tuyg‘usini uyg‘otishda muhim ahamiyatga ega, – deydi O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Sirdaryo viloyati Kengashi raisi Azizbek Rahmonov.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri