Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Mazkur qonunda Internet jahon axborot tarmog‘idagi mayda bezorilik, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvlarda yoxud harbiy harakatlarda ishtirok etishni yoki harbiy xizmatga yollanishni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlaganlik, tarqatganlik, reklama qilganlik, namoyish etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, shaxsning o‘zi sodir etgan huquqbuzarligi tasvirlangan mahsulotlarni tarqatganligi, reklama qilganligi, namoyish etganligi, shu bilan birga, band solingan yoxud ijro harakatlarini amalga oshirish davomida xatlangan mulkni qarzdor tomonidan qonunga xilof ravishda tasarruf etganlik uchun javobgarlik belgilanishi nazarda tutilgan.

Qonun loyihasi birinchi o‘qishda ham uzoq muhokama qilingan edi. Qonun ijodkorlari loyihani ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida fraksiya tomonidan bildirilgan e’tirozlar va aniqlashtirilishi kerak bo‘lgan jihatlarga e’tibor qaratildi.
Qizg‘in muhokamalarda deputatlar loyihaning band solingan, undiruv qaratilgan yoxud ijro harakatlarini amalga oshirish davomida xatlangan mulkni qarzdor yoki ishonib topshirib qo‘yilgan shaxs tomonidan yashirish, yo‘qotish yoxud unga shikast yetkazish holatlari bilan bog‘liq me’yoriga aniqlik kiritishni bildirdi.
Muhokamalardan so‘ng fraksiyaning tegishli qarori qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA