FOTOREPORTAJ
Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz, Kakaydi va Xayraobod garnizonlarida 2025/2026 yangi o‘quv yilining tantanali ochilish marosimlari bo‘lib o‘tdi.
Dastlab mas’ul ofitserlar tomonidan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining “Jangovar vzvod yili” shiori ostida boshlangan yangi o‘quv yiliga murojaati o‘qib eshittirildi.
Tadbirda so‘z olganlar yaqindagina saflarni to‘ldirgan askar yigitlar tezroq armiya hayotiga moslashib, o‘z harbiy qism va bo‘linmalarining jangovar shaylik darajasini yanada yuksaltirishlariga umid bildirdi. Dunyoda ro‘y berayotgan turli to‘qnashuv va qurolli mojarolar har birimizdan tajriba, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish, harbiy texnika va qurol-aslahalarni mohirona boshqarishni o‘rganib, ularni shay va soz holatda ushlab turish, turli vaziyatlarda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish ko‘nikmasini oshirishni taqazo etayotgani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida milliy armiyamiz har qanday xavf-xatarga munosib zarba bera oladigan qudratli, tezkor va samarali kuchga aylandi. Jangovar tayyorgarlikning modernizatsiya qilingan, moslashuvchan tizimining joriy etilishi okrug qo‘shinlarini jangovar tayyorgarligi va jangovar qobiliyatini bir necha barobarga oshirilishiga xizmat qilmoqda.
[gallery-23189]
Garnizon rahbarlari o‘tgan o‘quv mavsumda erishilgan yutuqlarni e’tirof etib, qo‘shinlarni yangi marralarni zabt etishga ruhlantirdi. Har bir harbiy bo‘linma boshqa bo‘linma bilan raqobatbardosh, sog‘lom muhitda musobaqalashishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, harbiy okrug qo‘shinlariga qo‘yilayotgan talablardan kelib chiqib, asosiy vazifalarni belgilab berdi va ushbu vazifalarni sifatli bajarilishi uchun harbiy xizmatchilarga katta ishonch bildirdi.
Tantanali marosimdan keyin bo‘linmalarda o‘quv yilining ilk mashg‘ulotlari tashkil etildi. Unda dunyo va mintaqadagi harbiy-siyosiy vaziyat, harbiy intizom va harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash, harbiy texnika va qurol-aslahalar bilan muomalada bo‘lganda xavfsizlik talablariga rioya etish borasida ma’ruzalar tinglanib, ko‘rgazmali mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA