Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbiy aviatsiya uchun raqobatbardosh uchuvchi kadrlarni tayyorlash – davr talabi
11:16 / 2026-01-14

Bozor iqtisodiyoti sharoitida raqobatbardosh va yetuk harbiy kadrlarni tayyorlash har tomonlama muhim talabga aylandi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda bu borada turli sa’y-harakatlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, zamon talablari va globallashgan muhit yuqori natijalarni talab qilmoqda. Xususan, oliy harbiy ta’lim tizimi raqobat muhitiga mos, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirilgan.

Harbiy ta’lim tizimi kursantlarning bilim va malakasini yuksaltirish, pedagog va ilmiy kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Zamonaviy urush va texnika talablarini hisobga olgan holda, harbiy xizmatchilarning nazariy hamda amaliy bilimlari chuqur va puxta bo‘lishi ta’limning asosiy vazifasi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy aviatsiya institutida ham bugungi kunda bakalavriat, magistratura va doktorantura ta’lim shakllari yo‘lga qo‘yildi. O‘quv dasturlari zamonaviy fan va texnika yutuqlariga moslashtirildi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ingliz tili va tabiiy fanlarga asoslangan yagona ta’lim tizimi joriy etildi.

[gallery-27099]

Institut professor-o‘qituvchilari va kursantlari ilmiy izlanishlar, ixtirochilik va innovatsiya loyihalari bilan ham faol shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda ilmiy salohiyat 9,6 foizdan 56,2 foizga oshdi, professor-o‘qituvchilar 150 dan ortiq ilmiy maqola va loyihalarni chop etdi. Shu bilan birga, kursantlar turli olimpiada va musobaqalarda faol ishtirok etadi, xalqaro fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.

– Bugungi kunda institutning asosiy maqsadi har bir kursantni zamonaviy bilim va kasbiy malakaga ega yetuk harbiy xizmatchiga aylantirishdir, – deydi institut boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Timur Ubaydullayev. – Biz kursantlarni faqat nazariy bilim bilan emas, balki amaliyotda ham puxta tayyorlashga alohida e’tibor qaratamiz. Xalqaro hamkorlik, ilmiy loyihalar va trenajyor mashg‘ulotlari bu yo‘lda asosiy vositalardan sanaladi.

Harbiy hamkorlik sohasida ham institut keng imkoniyatlarga ega. 15 dan ortiq xorijiy mamlakatlar oliy harbiy ta’lim markazlari bilan kadrlar tayyorlash va ilmiy loyihalar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Kursantlar Yevropa va Osiyodagi turli harbiy ta’lim muassasalarida malakasini oshirmoqda.

Yosh uchuvchi va muhandislar zamonaviy vertolyotlar va samolyotlarda amaliyot o‘tashadi, trenajyor komplekslari va laboratoriyalar ularning kasbiy tayyorgarligini mustahkamlaydi. Sport va ma’naviy tarbiya kursantlarning jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga xizmat qiladi.

– Har kunimiz o‘quv, amaliyot va ilmiy izlanishlar bilan to‘ldirilgan, – deydi 4-bosqich kursanti jizzaxlik Akbar Nosirov. – Bu yerda biz nafaqat zamonaviy texnikalar bilan ishlashni, balki jamoaviy ruh va mas’uliyatni ham singdirib olamiz. Institutning har bir imkoniyati bizga bilim va ko‘nikmalarimizni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ma’naviy barkamol harbiy xizmatchi – armiyaning asosi va millatning metin qalqoni hisoblanadi. Institutda yoshlar ma’naviy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalanadi, tarixiy sarkarda an’analari singdiriladi va ular davlat hamda xalq manfaatlari yo‘lida har qanday sinovlarni yengib o‘tishga tayyor bo‘ladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, harbiy aviatsiya institutida amalga oshirilayotgan izchil va maqsadli ishlar kursantlarning yuqori kasbiy va ma’naviy tayyorgarligini ta’minlab, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari salohiyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari