“Milliy armiyamiz – Ona yurt qalqoni, tinchligimiz posboni” shiori ostida Qurolli Kuchlarimiz tizimida turli mazmun va shakldagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, harbiy-vatanparvarlik karvonlari, festival va aksiyalar izchil ravishda tashkil etilmoqda.
Ushbu tadbirlar xalq va armiya o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, Qurolli Kuchlarimiz bilan faxrlanish tuyg‘usini oshirish hamda harbiy xizmatning sharafini yosh avlod ongiga singdirishga qaratilgan.
Shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti Harbiy aviatsiya institutida o‘tkazildi. “Milliy armiyamiz – Yangi O‘zbekiston poydevori” mavzusida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi”da soha faxriy ustozlari, Vatanimiz havo sarhadlarini qo‘riqlayotgan tajribali harbiy uchuvchilar, sport sohasida yuqori natijalarga erishgan chempionlar hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda harbiy aviatsiya sohasida ko‘p yillik xizmat tajribasiga ega bo‘lgan, Havo hujumidan mudofaa va Harbiy havo kuchlari saflarida faoliyat olib borgan katta avlod vakillari so‘zga chiqib, kursantlar va yoshlarga ushbu kasbning o‘ziga xos jihatlari, mas’uliyati hamda sharafi haqida fikrlarini bildirdi.
[gallery-27052]
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidan yetishib chiqqan jahon va Osiyo chempionlari bilan bo‘lgan muloqotda yoshlar oldiga aniq maqsad qo‘yish, unga erishish yo‘lidagi qiyinchilik va sinovlarni sabot bilan yengib o‘tishda milliy g‘urur, jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovi hamda ota-ona ishonchi muhim ekani ta’kidlandi. Chempionlar g‘alaba lahzasida davlat bayrog‘i ko‘tarilib, mamlakat madhiyasi yangragan paytdagi his-tuyg‘ular bilan ham o‘rtoqlashdi.
Qayd etilishicha, bunday uchrashuvlar yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchi va maqsadlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA