English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Harbir yoshlarning ma’naviy merosimizga oid bilimlari sinovdan o‘tkazildi
18:18 / 2023-07-21

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida FVV tuzilmalarining harbiy xizmatchilaridan tarkib topgan jamoalar o‘rtasida “Tarix bilimdoni” va “Eng yaxshi harbiy qo‘shiq ijrochisi” ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi.

FVV harbiy xizmatchilarining dunyoqarashi va fikrlash doirasini kengaytirish, ijodiy salohiyatini oshirish, iqtidorli, ijodkor yoshlarni rag‘batlantirish, ularning o‘z aql-zakovatini namoyon etishiga ko‘maklashish, kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish hamda o‘zbek va jahon adabiyotining sara asarlariga mehr uyg‘otish maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi, Madaniyat va turizm vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Ma’naviyat va ma’rifat markazining mas’ul xodimlari, taniqli yozuvchi va shoirlar, harbiy xizmatchi va kursantlar ishtirok etdi.    

Tadbirni Favqulodda vaziyatlar vazirligi boshqarma boshlig‘i, polkovnik Abduazim Ahmadxo‘jayev ochib, Yangi O‘zbekistonda yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shu bilan birga, vazirlik tizimida xizmat olib borayotgan harbiy xizmatchilarning hayotiy va professional ko‘nikmalarini ilm-ma’rifat asosida qalbi va ongiga singdirish lozimligini, mamlakatimiz hayotidagi real ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarni alohida ta’kidladi.    

Shundan so‘ng, tanlov nizomi asosidagi shartlar bo‘yicha chiqishlar bo‘ldi. Tanlovda jamoalar “Blits savollar”, “Test savollari”, “Suratdagi tarix” shartlari bo‘yicha bellashdilar. Shartlarning oralig‘ida Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi harbiy xizmatchilari va kursantlari tomonidan tayyorlangan Vatanni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.  

Tadbir yakunida vazirlik rahbariyati tomonidan g‘olib jamoalarga va faol ishtirokchilarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.    

Gulnoza Boboyeva, O‘zA