Mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyat va imtiyozlar tabora oshib bormoqda va samarali hayotga tatbiq etilmoqda.
Olmazor tumani hamda “Yoshlik” talabalar shaharchasi hokimliklari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Toshkent shahar Kengashi bilan hamkorlikda “Harakatlar strategiyasidan – taraqqiyot strategiyasi sari” mavzuida yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Ochiq muloqotda xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi raisining xotin qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Nigora Mirzayeva bugun mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani, bu O‘zbekistonning inson qadr-qimmati, huquqlari borasida tashlagan muhim qadamlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.
Yangi O‘zbekistonda ayollarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, bandligini oshirish, ularga munosib mehnat sharoitini yaratish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini o‘sib kelayotgan yoshlarimizga bosqichma-bosqich tushuntirib borish zarurligi qayd etildi.
Respublikamizda ayollarning holatini yaxshilash bo‘yicha huquqiy darajada milliy mexanizmlar yaratilgan. Qabul qilingan ko‘plab normativ hujjatlar erkak va ayollarning haqiqiy tengligiga erishishga, ularning teng huquqligi bo‘yicha milliy mexanizmning shakllanishiga hamda ayollar borasida barcha shakldagi diskriminatsiyalarga chek qo‘yilishiga katta turtki bo‘lishi shubhasiz.
Ochiq muloqot xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
O‘zA