Harakatlar strategiyasi targ‘ibotiga oid seminar
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi oliy ta’lim muassasalarida qanday targ‘ib qilinishi lozim?
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi va «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi oliy ta’lim muassasalarida qanday targ‘ib qilinishi lozim?Toshkent shahridagi Singapur Menejmentni rivojlantirish institutida bo‘lib o‘tgan o‘quv-seminarda bu masalalar qizg‘in muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektorlari, direktor o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari ishtirok etdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qabul qilingan mamlakatimizning keyingi besh yillikdagi taraqqiyot strategiyasi barcha sohalarni erkinlashtirish, modernizatsiya qilish, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yanada yuksaltirish, davlat va jamiyat rivojini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim dasturilamal hisoblanadi. Unda belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash jamiyatning har bir a’zosi zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.
Shunday ekan, mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, unda ko‘zda tutilgan ustuvor vazifalar ijrosi to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligi va faol ishtirokini ta’minlash bugunning muhim vazifalaridan biridir.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Milliy g‘oya va mafkura ilmiy-amaliy markazi, Ma’naviyat targ‘ibot markazi, «Kamolot» YoIH kabi tashkilotlar mutaxassislari Harakatlar strategiyasining ilmiy-nazariy asoslari, ustuvor yo‘nalishlari mazmun-mohiyatini batafsil tushuntirdi.
– Institutimiz jamoasi talaba-yoshlarga Harakatlar strategiyasini ma’ruza, ochiq muloqot, davra suhbati, ko‘rgazmali vositalar, munozara kabi ta’lim usullarida keng targ‘ib etmoqda, – deydi Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti prorektori U.Abdullayev. – Seminarda bildirilgan fikrlar, ma’ruzachilarning takliflari asosida oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan «Harakatlar strategiyasi targ‘ibotchilari xonasi»ni jihozlash va ularning faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham uslubiy tavsiyalarga ega bo‘ldik.
Tadbirda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 20-apreldagi «Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosiga alohida e’tibor berildi. Mazkur hujjat doirasida oliy ta’lim muassasalarida olib borilayotgan ishlar tanqidiy tahlil qilindi.