Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) hamda Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizmi doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhi a’zolari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan yopiq muassasalarda monitoring tashriflari amalga oshirilmoqda.
Ombudsman axborot xizmatidan xabar berishlaricha, navbatdagi monitoring tashrifi Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirildi.
O‘rganish davomida 2-sonli tergov hibsxonasi, Xo‘jayli tumani ichki ishlar bo‘limi vaqtincha saqlash hibsxonasi, Nukus shahar ichki ishlar organi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘linmasi vaqtincha saqlash hibsxonasi, 27-sonli manzil-koloniya, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxona, muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazi, mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlari, 1-son ruhiy-asab kasalliklari dispanseridagi sharoitlar o‘rganildi.
Monitoring tashrifi chog‘ida tergov hibsxonasi va vaqtincha saqlash hibsxonalarida saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish va tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, kameralar holati, kuzatuv tizimlari, ko‘rikdan o‘tkazish tartiblari hamda tibbiy xonalar holati o‘rganildi.
27-sonli manzil-koloniyasida mehnatga layoqatli mahkumlarning ish bilan ta’minlanishi, ovqatlanish va tibbiy xizmatdan foydalanish tartibi, shuningdek, qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar ko‘rib chiqildi.
Nukus shahridagi mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punkti, ruhiy-asab kasalliklari dispanseri hamda reabilitatsiya markazida esa fuqarolarning ijtimoiy, tibbiy va maishiy sharoitlari ko‘rib chiqildi.
Monitoring jarayonida “Ombudsman quti”lariga tushgan murojaatlar ko‘rildi, ayrim muassasalarda sayyor qabullar o‘tkazilib, fuqarolar murojaatlari eshitildi.
Tashrif davomida avvalgi monitoringlarda berilgan tavsiyalarning ijrosi ta’minlangan holatlar qayd etildi.
Monitoring natijalari yuzasidan mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish punktlarida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralarga Ombudsmanning ta’sir choralari shaklidagi hujjatlar kiritildi.
N.Abduraimova, O‘zA