Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining qo‘shma majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi muhokama qilindi.
Senatorlar ta’kidlaganidek, o‘tgan yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni 2024-yilga qaraganda 12,6 foizga oshgan. Ularning 32,3 foizi iqtisodiy huquqlarga to‘g‘ri keladi. Ushbu mazmundagi murojaatlar o‘tgan yil bilan taqqoslaganda 26,3 foizga ko‘paygan.
Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari hamda Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.
Takroriy murojaatlar soni 2024-yilga nisbatan 1,1 foizga kamaygan. Parlament nazorati sub’ekti sifatida Ombudsman tomonidan nazoratga olingan murojaatlarning 26 foizi ijobiy hal qilingan.
2025-yilda 194 ta’sir chorasi qo‘llanilgan, shundan 36 taqdimnoma, 24 xulosa, 12 talabnoma, 4 ogohlantirish hamda 118 ariza va da’vo arizasi kiritilgan bo‘lib, ularning 82 foizi ijobiy hal qilingan.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga 954 monitoring tashrifi amalga oshirilib, suhbatlar tashkil etilgan.
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 124 shahar va tumanda targ‘ibot tadbirlari tashkil etilgan hamda ommaviy axborot vositalarida 4,7 mingdan ziyod chiqishlar amalga oshirilgan. Bu 2024-yilga nisbatan qariyb mingtaga ko‘p.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan Ombudsmanga ta’sir choralarini qo‘llash samaradorligini oshirish, murojaatlar bilan ishlash sifatini yaxshilash, nazorat va ijro intizomini mustahkamlash, tashkiliy-huquqiy mexanizmlarni takomillashtirish hamda mas’uliyat va hisobdorlikni kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Muhokama yakunida ushbu masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
N.Abduraimova, O‘zA