Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etgan. Chunki, yil sayin transport vositalari soni oshib bormoqda, harakat ishtirokchilari ko‘paymoqda. Buning ustiga hozir odamlarning vaqti tig‘izlashdi – har kim qayergadir shoshadi, ishini tezroq bitirishni istaydi. Bunday paytda kimdir e’tiborsizlik qilib, kimdir xavfsizlikni unutib, yo‘l harakati qoidalarini buzadi yoki ularga rioya qilmaydi. Natijada turli ko‘ngilsiz holatlarga yuzaga keladi.
Shu sababli keyingi yillarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish, yo‘l harakati xavfsizligi sohasini zamonaviy talablarga to‘liq muvofiqlashtirish hamda ilmiy, metodik va axborot-tahliliy jihatdan tashkil etish, “xavfsiz va ravon yo‘l” konsepsiyasini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yo‘l harakati ishtirokchilarining “piyoda – jamoat transporti – velotransport – avtotransport” ustuvorligi asosida xavfsiz harakatlanishi uchun shart-sharoit yaratish yuzasidan Samarqand viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

– Yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, harakat ishtirokchilarining hushyorligini oshirish maqsadida yil boshidan buyon avtomobil yo‘llarida 3775 dona yetishmaydigan yo‘l belgilari o‘rnatildi, 4708 ta eskirgani almashtirildi, – deydi viloyat IIB JXX yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Zokir Qayumov. – 33420 pagona metr 1-toifali muhofazalovchi to‘siqlar o‘rnatildi, 1 million 164 ming kvadrat metr yo‘l yotiq chiziqlari chizildi. 61 kilometr piyodalar yo‘lagi va yana shuncha velosiped yo‘lagi tashkil etildi. 30 ta, jumladan, 4 ta yer osti o‘tish joyi qurildi. Shuningdek, 16 ta tartibga solinmagan chorraha va piyodalar o‘tish joyida yangi svetofor ob’ektlari o‘rnatildi. Bunda piyodalar uchun qulayliklar yaratishga alohida e’tibor qaratilib, 10 ta piyodalar o‘tish joyiga chaqiruv tugmachali svetoforlar joylashtirildi.

Yil boshidan buyon viloyat bo‘yicha 42 ta maktab oldiga 73 ta sun’iy notekisliklar o‘rnatildi. Yaqinda Jomboy tumani Beshbola mahallasi hududidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega M-39 “Olma Ota – Toshkent – Termiz” avtomobil yo‘lining 1066-kilometridagi piyodalar o‘tish joyida tugmachali svetofor qurilmasi o‘rnatilib piyodalarning xavfsiz harakatlanishi ta’minlandi. bugungi kunda viloyatda harakat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan profilaktik tadbirlar bilan birga, joylarda yuzaga kelgan yo‘l-transport hodisalari mahallalar, ta’lim muassasalarida muhokama etilib, buning sabab va oqibatlari tushuntirilmoqda, aholining hushyorligi oshirilmoqda.
Darvoqe, Xalq deputatlari viloyat Kengashining yaqinda o‘tkazilgan sessiyasida Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlari, Urgut, Toyloq, Bulung‘ur tumanlaridagi ayrim avtomobil yo‘llari va ko‘chalarida harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarini oldini olish hamda transport vositalarining yuqori harakatlanish tezligini kamaytirish maqsadida yuqori harakat tezligini 60 km/soat etib belgilashga qaror qilindi. Keyinchalik bunday tartibni boshqa hududlarda ham qo‘llash ko‘zda tutilgan.
G‘.HASANOV,
O‘zA