O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi oldidan
Farg‘ona viloyatining har bir hududi o‘ziga xos. Qubo, hozirgi Quva ko‘hna sivilizatsiya maskanlaridan biri bo‘lib boy tarix va madaniyatga ega. O‘tgan asrning 30-50 yillarida o‘tkazilgan arxeologik qazishmalar natijasida Quva shahristoni do‘ngliklari ostidan qadimiy yirik shahar qoldiqlari borligi aniqlandi. 1998 yilda Ahmad al-Farg‘oniyning 1200 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko‘rish vaqtida olib borilgan arxeologik tadqiqotlarda 8 metrdan ziyod chuqurlikdan eramizdan avvalgi I-II asrlarga oid buyumlar, shuningdek, turar joy xarobalari majmuasi, VII-VIII asrlarga oid budda ibodatxonasi, budda haykallari, zardushtiylik ibodatxonasi xarobalarining topilganligi uning qadim o‘lka ekanligini yana bir bor isbotladi.
Bugun quvaliklar Ahmad Farg‘oniydek buyuk allomalarni yetishtirib bergan zaminda tug‘ilganlaridan faxrlanishadi. Shoira Zuhra Aliyeva tarannum etganidek,
Olamda yagonam, jannatmakonim,
Har zarra tuprog‘i zarlarga konim,
O, ota makonim, ona makonim
Bag‘ringdaman, yo‘qdir armonim, Quvam,
Fido bo‘lsin senga bu jonim, Quvam.
Istiqlol yillarida tuman obodlikka, yuksalishga qadam qo‘ydi. Tadbirkorlik, sanoat, tomorqa madaniyati ancha rivojlandi. Asosiysi, odamlarning dunyoqarashida, ongi tafakkurida o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y berdi. Boqimandalikdan qutuldi, kaftdek yer insonni boy qila olishini amalda isbotladi.
Quyoshni uyg‘otadiganlar
Saharda turgan kishining rizqi ulug‘, oilasida baraka bo‘ladi. Bu kabi quyoshni uyg‘otadiganlarga havas qilsangiz arziydi. Ayniqsa, quvaliklarning mirishkorligi, tadbirkorligi yurtimizda mashhur. Mustaqillik yillarida bu borada imkoniyatlar yanada kengaydi. Ishning ko‘zini bilganlar o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydi, yirik sarmoyadorga aylandi. Bundan o‘n yil ilgari tumanda mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozirda ularning soni to‘rt mingdan oshdi.
“Qalinpo‘stin” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “Tikuvchi Shukurovlar” oilaviy korxonasida tayyorlanayotgan mahsulotlar nafaqat ichki, balki tashqi bozorda ham xaridorgir. 2017 yilda tashkil etilgan mazkur korxonada dastlab bor yo‘g‘i 4 dona oddiy tikuv mashinasi bor edi xolos.
– Oilaviy tadbirkorlik ham aslida katta biznes, – deydi tadbirkor Dilmurod Shukurov. – Bu borada davlatimiz qator imtiyozlar bergan. Oila a’zolarimiz bilan qilgan yaxshi niyatlarimiz bugun o‘z samarasini bera boshladi. O‘tgan davrda tarmog‘imiz kengaydi. Xitoy, Turkiyaning zamonaviy dastgohlari o‘rnatildi. 30 nafar mahallamizdagi xotin-qizlar ham bu yerda ish bilan band.
Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarayotgan mazkur oilaviy korxonaning Toshkent shahrida savdo uyi tashkil etilgan. Hozirda ichki bozorni ta’minlash bilan birga, Tojikiston va Qozog‘istonga bu yerda tayyorlanayotgan kiyimlar eksport qilinmoqda. Tadbirkorlar oilasi bu ish bilan cheklanib qolganicha yo‘q. Ayni kunlarda tumandagi “Turk” kichik sanoat zonasidan 15 sotix yer olib, 1 milliard so‘m mablag‘ evaziga qadoqlash paketlarini ishlab chiqarish loyihasini ishga tushirish harakatida.
Yoshlarning ahdi qat’iy
– Prezidentimizga quvalik yoshlarning minnatdorchiligini yetkazib qo‘yinglar, – deydi Guljahon Sheraliyeva. – Biz kabi hayotda qiynalgan minglab yoshlar islohotlar bois bugun o‘z o‘rnini topdi.
Bu kabi samimiy dil so‘zlarini aksariyat yurtdoshlarimizdan eshitishingiz mumkin. “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” kabi yangi tizimning joriy etilishi og‘ir vaziyatdagi oilalarga madad bo‘ldi. Ularning muammolari o‘rganilib, sektor rahbarlari tomonidan hal etish choralari ko‘rilmoqda.
“Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Guljahon Sheraliyeva “Yoshlar daftari”ga kiritilgan.U mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanar, aniq daromad manbaiga ega emas edi. “Mahallabay” o‘rganishlar davomida uning ham muammolari tinglandi, orzu-rejalari bilan tanishildi. Guljahon ko‘chatlik bilan shug‘ullanish taklifini bildirdi. Unga 3 gektar yer maydoni ajratildi, bu yerda yoshlar kooperatsiyasini tashkil qildi. Shijoatli ayol 8 nafar yoshlarning bandligini ta’minladi. Shuningdek, hududdagi 21 nafar ishsiz yoshlarni kooperatsiyaga a’zo qilib, ular tomonidan yetishtirilgan ko‘chatlarni parvarishlash va kelajakda sotish uchun ko‘maklashmoqda.
Tumanda hozirgaqadar 1 ming 400 dan ortiq ishsiz yoshlarni bandligi ta’minlandi, 72 nafari tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ydi. 195 nafari “1+1” dasturi orqali tadbirkor va hunarmandlarga biriktirildi.
2020 yil Iordaniyada o‘tgan Osiyo-Okeaniya litsenzion musobaqasidagi ishtiroki orqali "Tokio – 2020" Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan Quva farzandi Mirazizbek Mirzaxalilov ham barchaning faxri.
Bunyodkorlik manzillari
Ayni kunlarda tumandagi “Madaniyat” va “Turk” mahalla fuqarolar yig‘inida “Obod qishloq” dasturi asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur dastur uzoq yillar davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolib kelgan hududlarning infratuzilmasini tubdan yaxshilab, aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratishdek ezgu maqsadni ro‘yobga chiqarishga xizmat qilayotir. Bu ishlar uchun 23 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarf etilmoqda.
Ayni chog‘da obodonlashtirish va qurilish maydoniga aylangan ikki maskan mutlaqo yangi qiyofa kasb etayotir. Ko‘chalarga shag‘allar yotqizilib, asfaltlashga tadorik ko‘rilmoqda. Eski simyog‘ochlar yangisiga almashtirilayapti.
Albatta, bu kabi ishlarda tuman yo‘lsozlarining xizmati beqiyos. Ular obodonlashtirish ishlarida jonbozlik ko‘rsatmoqda.
– “Obod qishloq” dasturi bo‘yicha 10,8 kilometr ichki yo‘llarni ta’mirlash rejalashtirilgan, – deydi tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi bosh muhandisi B. Mo‘ydinov. – Hozirda bu ishlar bo‘yicha amaliy ishlarga kirishilgan. Bir paytlar Quvadagi obodonlashtirish yurtimizda keng ommalashtirilgan edi. Biz bugun ana shuni qayta tiklashni ham maqsad qilganmiz. Zero, yo‘llar obodligi bu farovonlik belgisidir.
Bugun tumanda bo‘lsangiz, har bir qishloqda bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lasiz. Tumanda joriy yilda uchta massivda 23 ta ko‘p qavatli uylar qad rostlayapti. Hunarmandlar markazini qurish ishlari yakunlanib, yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi.
Quva tumanida bugungi kunda 22 ta xorijiy sarmoya ishtirokidagi korxonalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz rahbarining 2021 yil 4-5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga qilgan tashriflari doirasida jami qiymati 443,4 milliard so‘mlik 84 ta investitsiya loyihalari tasdiqlangan hamda bosqichma-bosqich ishga tushmoqda.
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA