Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili yuzlab bemorlar VPCHga kech tashxis tufayli hayotdan ko‘z yummoqda(+video)
10:45 / 2025-12-24

O‘zbekistonda ayollar salomatligi sohasida eng jiddiy muammolardan biri — bu bachadon bo‘yni saratoni kasalligidir. Har yili minglab ayollar ushbu tashxisni eshitadi va yuzlab bemorlar esa kech tashxis tufayli hayotdan ko‘z yumadi. Achinarlisi shundaki, 15–44 yoshdagi ayollar ham bu xavfdan xoli emas. Statistika esa bu bo‘yicha tashvishli raqamlarni yuzaga chiqarmoqda: mazkur kasallik ayollar orasida keng tarqalganligicha, onkologik xastaliklar ichida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Xususan, mamlakatda yil davomida taxminan qariyb ikki mingga yaqin ayolda saraton aniqlanmoqda. Shundan qariyb uchdan biri o‘z hayoti uchun kurashda yutqazmoqda. Bunday holatning asosiy sabablaridan biri — bu kech tashxis va virusli papilloma (VPCH) haqida yetarlicha xabardorlikning pastligidir.

O‘zbekistonda ayollar orasida bu xastalik uchrash chastotasi bo‘yicha onkologik kasalliklar ichida ikkinchi o‘rinni egallashi, profilaktika va diagnostika masalasini dolzarb qilib qo‘ymoqda. Shu munosabat bilan mamlakatimizda shifokorlar malakasini oshirish va VPCH tashxisi bo‘yicha laboratoriya imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan muhim seminar-trening tashkil etildi.

Virusologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda 41 nafar shifokor-sitolog va laborant ishtirok etdi. Seminar-treningning asosiy yo‘nalishi ginekologik sitologiyani chuqur o‘rganish, xususan, PAP-test namunalarini olish, surtmalarni to‘g‘ri tayyorlash va bo‘yash, natijalarni tahlil qilish, saraton oldi holatlarni ajratish kabi amaliy mashg‘ulotlardan iborat bo‘ldi. 

Dars jarayonida mutaxassislar faqat nazariya emas, balki amaliy ko‘nikmalarni ham puxta o‘zlashtirishdi. Sitologik surtmalarni o‘qish bo‘yicha imtihonlar, vizual testlar va mutaxassislar baholashi orqali ishtirokchilar bilim darajasini mustaxkamladi. Trening davomida tashxis qo‘yishda aniqlik, yetkazib berilayotgan bilimlarni amaliyotga joriy etish haqida fikr almashuvlar bo‘ldi.

Mutaxassislar o‘z tajribalarini bir-biri bilan o‘rtoqlashdilar, real klinik holatlar misolida tahlillar amalga oshirildi.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nFfL2csq9BQ" title="Har yili yuzlab bemorlar VPChga kech tashxis tufayli hayotdan ko`z yummoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Tadbir yakunida ishtirokchilarga 144 soatlik malaka oshirish sertifikati topshirildi. 

Pilot hududlarda kamida 50 ming ayolni testdan o‘tkazish rejasi, shu treninglar kabi tashabbuslarning amaliy poydevori hisoblanadi.

Trening natijasida, VPCH diagnostikasida malakali kadrlar soni oshadi, saraton oldi holatlarni aniqlash imkoniyatlari kengayadi va shu bilan bir qatorda ayollar salomatligi uchun skrining tizimi yaxshilanadi.

Mamlakatda esa VPCH laboratoriya diagnostikasi bo‘yicha infratuzilma kengayadi va 3 ta laboratoriya ochilishi rejalashtirilgan.

M.Eshmirzayeva, O‘zA