Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili yurak nuqsoni bor 5 ming bola bepul davolanadi
11:42 / 2023-07-04

Mamlakatimizda muddatidan ilgari bo‘lib o‘tadigan Prezident sayloviga sanoqli kunlar qoldi. Ushbu muhim siyosiy tadbir fuqarolarning siyosiy xohish-irodasini namoyish etgan holda yurt ertasiga hissa qo‘shish imkonini beradi.

Ayni kunlarda saylovoldi tashviqoti ishlari davom ettirilmoqda. Xususan, O‘zLiDePdan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahridagi ishonchli vakili Rustam Kalonov Toshkent shahar “Ishga marhamat” Monomarkazi majlislar zalida Yashnobod tumani saylovchilari bilan, shuningdek, “Xusma” mehmonxonasi majlislar zalida Sergeli tumani saylovchilari bilan uchrashdi.    

Uchrashuvlarda ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning faoliyati va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Ta’kidlanganidek, 2030 yilgacha iqtisodiyotimiz o‘sish sur’atlari 2 barobar oshirilib, 160 milliard dollarga yetkaziladi. Aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 2 ming 200 dollardan 4 ming dollarga oshiriladi. Ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish orqali mehnat unumdorligi 2 barobarga oshiriladi.    

Shuningdek, 2024 yildan sanoatda “yashil sertifikat”lar bozori yaratiladi. Avtobuslar to‘liq ekologik toza elektr yoki gaz yonilg‘isiga o‘tkaziladi. Barcha yangi uylar va asbob-uskunalarga energiyani tejash bo‘yicha talablar joriy etiladi. 10 ming kilometr magistral va 110 ming kilometr hududiy elektr tarmoqlari barpo etiladi.  

Ishonchli vakil aholi salomatligini yaxshilash uchun shart-sharoitlarni tubdan yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar xususida ham ma’lumot berdi. Qayd etilganidek, “Gepatit S” kasalligi bor bemorlar to‘liq davlat hisobidan davolanadi. 2024 yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paket aholiga bepul taqdim etiladi. Tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasi bepul tarqatiladi. Har yili yurak nuqsoni bor 5 ming bola va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloq davlat hisobidan bepul davolanadi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA