French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili trillionlab dollarlar yo‘qotilishiga sabab bo‘layotgan illat
16:14 / 2025-12-09

Korrupsiya jirkanch illat sifatida rivojlanishga, taraqqiyotga rahna soladigan katta xavf. Bu illatning bo‘y ko‘rsatishi jamiyatda adolatsizlik, nohalollik kabi muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Shu bois, korrupsiyaning oldini olish, jamiyatda halollik va vijdoniylik tuyg‘ularini qaror toptirish barcha aholi qatlamlaridan katta mas’uliyat talab etadi.

Bu xavfli illat haqida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek Yusupov o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Korrupsiyaga qarshi kurash – taraqqiyot va adolat sari olib boruvchi umuminsoniy vazifa. Korrupsiya — bu faqat moddiy jinoyat emas, balki jamiyatning iqtisodiy taraqqiyoti, huquqiy barqarorligi va fuqarolar ishonchini zaiflashtiradigan jiddiy xavf. Uning salbiy ta’siri davlat boshqaruvidan tortib, oddiy insonning kundalik hayotigacha seziladi.

Korrupsiyaning global oqibatlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, dunyo miqyosida korrupsiya har yili trillionlab dollarlar yo‘qotilishiga sabab bo‘ladi. Bu mablag‘larni ta’lim va tibbiyot kabi ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, zamonaviy infratuzilma qurish, kambag‘allikni kamaytirishga safarbar qilish mumkin edi.

Korrupsiyaga chalinish darajasi yuqori mamlakatlarda ishbilarmonlik muhiti zaiflashadi, investitsiyalar kamayadi va xalqaro reytinglarda past o‘rinlar qayd etiladi. Shu bois, bu illatga qarshi kurash nafaqat huquqiy, balki iqtisodiy va ma’naviy barqarorlikni ta’minlashning muhim shartiga aylangan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish jamiyatning umumiy mas’uliyatidir. Bu jirkanch illatni faqat davlat organlarining o‘zigina yo‘qota olmaydi — bu keng jamoatchilik ishtirokini talab qiladigan jarayon. Shaffoflik va ochiqlikning kuchayishi, qonunlar ustuvorligi ta’minlanishi, shuningdek, fuqarolarning faol pozitsiyasi bilan ham amalga oshadi.

Bu borada bir qator muhim tamoyillar mavjud. Avvalo, qonun ustuvorligi: adolatli va samarali sud-tergov tizimi korrupsiyaning oldini olishda hal qiluvchi omildir. Jinoyat sodir etgan har bir shaxs mansabidan qat’i nazar javobgarlikka tortilishini jamiyat ko‘rishi lozim.

Ikkinchidan, davlat organlari ishlarining shaffofligi: ochiq ma’lumotlar, elektron xizmatlar va raqamlashtirish jarayonlari inson omilini kamaytiradi va noqonuniy ishlarga chek qo‘yadi.

Uchinchidan, jamoatchilik nazorati: OAV, fuqarolik jamiyati institutlari, faol fuqarolar ishtirokisiz korrupsiyaga qarshi kurash to‘liq amalga oshmaydi. Ochiq muhokama shaffoflikning asosiy tayanchidir.

To‘rtinchidan, yoshlar ongida halollikni tarbiyalash muhim. Korrupsiyaga qarshi profilaktikaning eng samarali usuli yosh avlodga halollik, adolat va mas’uliyat qadriyatlarini singdirishdir.

Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni mas’uliyat kunidir. Ushbu sana dunyo jamoatchiligini yana bir bor ogoh etib, har bir fuqarodan o‘z javobgarligini anglashni talab qiladi. Bu kun tizimdagi kamchiliklarni tan olib bartaraf etish, yangi islohotlar yo‘lini belgilash, davlat va jamiyat o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash uchun muhim imkoniyat.

Xulosa qilib aytganda, korrupsiyaga qarshi kurash bu uzluksiz jarayondir. Har bir davlat, har bir tashkilot va har bir fuqaro bu kurashda o‘z o‘rniga ega. Halollik va adolatni qadrlash, qonunga hurmat, ochiqlik va faol fuqarolik pozitsiyasi orqaligina korrupsiya illatini yengish mumkin. 9 dekabr bizni yana bir bor shu yo‘lda birlashishga, halol kelajak qurishga chaqiruvchi muhim sana hisoblanadi.

Muhtarama Komilova, O‘zA