Yoshlarni IT sohasiga keng jalb etish, ularning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda yuqori daromadli zamonaviy kasblarga yo‘naltirish maqsadida 2025 yil 31 dekabrdagi Vazirlar Mahkamasining “Yoshlarni IT sohasiga jalb qilish, ularning raqamli bilim va ko‘nikmalarini oshirish orqali yuqori daromadli kasblarga yo‘naltirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, “Bir million dasturchi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida “Besh million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi amalga oshiriladi.
Mazkur loyiha doirasida har yili eng yuqori natijalarga erishgan ishtirokchilarni taqdirlash maqsadida milliy tanlov tashkil etiladi. Tanlov g‘oliblari quyidagi pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.
100 nafar o‘qituvchi — 1 000 AQSH dollari ekvivalentida pul mukofoti,
10 nafar o‘qituvchi — xorijiy sayohatga yo‘llanma,
500 nafar yosh — noutbuk,
500 nafar yosh — qimmatbaho sovg‘alar,
3 ta oliy ta’lim muassasasi — pul mukofoti,
2 ta umumta’lim maktabi — “Prezident sovg‘asi” sifatida elektromobil bilan taqdirlanadi.
Shuningdek, “Muhammad al-Xorazmiy vorislari” loyihasi doirasida yoshlar uchun qator imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, raqamlashtirish sohasidagi zamonaviy kasblarga, jumladan, IT-loyiha boshqaruvchisi, startap loyihasi boshqaruvchisi hamda xorijiy tillarga bepul o‘qish, xalqaro darajadagi professional IT-sertifikatlarni olish uchun o‘quv kurslarida bepul ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA