French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili o‘tkaziladigan sport musobaqalari belgilandi
10:24 / 2021-11-09

Mamlakatimizda badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish, aholining keng qatlamini, xususan, yoshlarni badminton sport turi bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, yuqori malakali trener kadrlarni tayyorlash tizimlarida samarali ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur sport turlari bilan shug‘ullanuvchilar uchun shart-sharoitlar yaratish, ushbu sport turining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy sport anjomlari bilan ta’minlash maqsadida  davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 5 noyabr kuni “Yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

Qarorga asosan, 2021–2022 yillarda yurish, yugurish, mini-futbol, badminton, stritbol va “Workout” sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.

Endilikda yurish va yugurish bo‘yicha – “Tashkent Marathon”, “Samarkand Half Marathon” va “Zaamin Ultra” xalqaro marafonlari, “Sky Camp Bostanliq” triatlon va yoga marafonlari, turli masofalarga yugurish bo‘yicha “Yangi rekordlar sari!”, “Barcha rekordlar bizniki!” kabi,  mini-futbol bo‘yicha – “Yangi O‘zbekiston yoshlarimiz”, “Sog‘lom oila – Yangi O‘zbekiston tayanchi”, davlat organlari va tashkilotlari xodimlari o‘rtasida “Rahbar kubogi” sport musobaqalari har yili o‘tkaziladi.

Shuningdek, har yili badminton bo‘yicha – umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Bahor malikalari”, “Badminton ligasi”, davlat va nodavlat tashkilotlarining xodimlari o‘rtasida “Rahbar kubogi” hamda aholining keng qatlamlari o‘rtasida “Imkoniyatingizdan ko‘prog‘ini bajaring!” musobaqalari tashkil etilishi belgilandi.

Stritbol va “Workout” bo‘yicha ham yillik dastur tasdiqlandi. Unga muvofiq “Rekorddan – yangi rekordga!” va “Giyohvand moddalarga qarshi!”, “Muhimi g‘alaba qozonish emas, balki qatnashish!”, “Qishlog‘ing uchun g‘alaba qozon!”, “Sog‘lom tanda – sog‘lom fikr!” kabi musobaqalar o‘tkaziladi.

Qarorga ko‘ra, 2021–2025 yillarda hududlarda badminton, stritbol va “Workout” sport turlari uchun 1 ming 164 ta sport maydonchalari tashkil etiladi.

 

Muhayyo  Toshqorayeva,

O‘zA