English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili jadidchilikka oid yangi arxiv hujjatlari topilmoqda
17:37 / 2022-08-13

Buyuk ajdodlarimizning boy merosi, ilm-fanda yaratgan kashfiyotlari, yangiliklari jahon tamaddunini boyitgan.

Ularni asrab-avaylash, shu bilan birga, o‘qib o‘rganish, tadqiq etish muhim vazifalardandir. bugungi kunda birgina jadidchilikka oid minglab hujjatlar o‘rganilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Milliy arxivida 200dan ortiq taniqli ma’rifatparvarlarning shaxsiy fondlari, shuningdek, minglab qo‘lyozmalar, kitob va risolalar, o‘sha davrni aks ettiruvchi hujjatlar saqlanyapti.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan «Ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi arxiv materiallarida» mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda parlament quyi palatasi deputatlari, «O‘zarxiv» agentligi ilmiy xodimlari, tarixchi-olimlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

— Yurtimiz azaldan ilm-fan va madaniyat beshigi bo‘lib kelgan, bu yerda yaratilgan madaniy va ma’naviy boy meros nafaqat mintaqa, balki jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotida g‘oyatda muhim o‘rin tutadi, — dedi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Zohidov. — Shu bois, dunyo ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ajdodlarimizning bebaho merosini chuqur o‘rganish, ularni asrab-avaylash muhim vazifamizdir. Bu borada Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi «Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida jadid ma’rifatparvarlari g‘oyalaridan yosh avlod tarbiyasida foydalanish vazifasi belgilab berilgan. Ya’ni, qarorning «Yo‘l xaritasi»da tadqiqotchilar guruhini shakllantirish, innovatsion tadqiqot loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish, ilmiy-amaliy va innovatsion tadqiqot ishlari bo‘yicha muhokamalar, davra suhbatlari, amaliy seminarlar o‘tkazish nazarda tutilgan.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, jadidchilik tarixini o‘rganishda har yili yangi arxiv hujjatlari topilmoqda. Ushbu materiallar esa kechiktirib bo‘lmas ilmiy izlanishlarni talab etadi.

Tadbir doirasida Prezidentimiz qarorida belgilangan targ‘ibot texnologiyalaridan biri – «Moziyga sayohat» mavzusida deputatlar uchun maxsus sayohat turi tashkil etildi. O‘zbekiston milliy arxivi, O‘zbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi tomonidan tashkil etilgan foto va hujjat ko‘rgazmasi, O‘zbekiston Milliy arxivining Ko‘rgazmalar zali, hujjatlar saqlovini ta’minlaydigan maxsus xonalar, arxiv fondi hujjatlari restavratsiya bo‘limi, noyob hujjatlar saqlovxonasi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, jadidlarning boy merosi va hayoti, ularning ijtimoiy kelib chiqishi, ijodi bilan tanishtiruvchi kinoxronika filmlari namoyish etildi.

Deputatlar jadid ma’rifatparvarlarining qo‘lyozmalari bilan yaqindan tanishar ekan, ularni saqlash va xalqimizga tanishtirish yuzasidan olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdi va o‘z savollariga javoblar oldi.

Muhtarama Komilova, O‘zA