Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili 2 milliondan ortiq odam OIV kasalligidan vafot etadi
18:43 / 2024-02-23

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, odamning immunitet tanqisligi virusi oqibatida kelib chiqadigan kasallik, ya’ni OIV infeksiyasi bugungi kunda barcha mamlakatlar uchun global muammoga aylangan. Har yili o‘rtacha 2,5 million odam OIV yuqtiradi, 2 milliondan ortiq odam bu kasallikdan vafot etadi. Epidemiya boshlanganidan buyon dunyo bo‘yicha 75 million inson OIV infeksiyasiga chalingan.

Shuningdek, psixotrop va giyohvand moddalarga qaramlik ham dolzarb muammolardan biriga aylangan. Dunyo bo‘yicha 2020 yil yakunida 275 million odam psixoaktiv moddalar qabul qilishi aniqlangan. Bu ko‘rsatkich 2030 yilga borib yana 11 foizga ko‘payishi taxmin qilinyapti. Shuningdek, 36 million kishi giyohvand moddalar qabul qilishi natijasida kelib chiqadigan salomatligidagi buzilishlardan aziyat chekmoqda. 

Sil kasalligi bilan birinchi marta aniqlanganlar 2022 yilda 7,5 million ni tashkil etib, bu 1995 yildan buyon rekord ko‘rsatkich deb, tan olingan. Ushbu kasallik sababli o‘lim holatlari 2015 yilga nisbatan 19 foizga kamaygan bo‘lsa-da, JSSTning maqsadidan (75 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan) ancha kam ko‘rsatkichdir. 

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida qayd etildi. Unda Sog‘liqni saqlash vazirligining “Aholining sil va OIV bilan zararlanish darajasini kamaytirish hamda psixotrop va giyohvand moddalarga qaramlik profilaktikasi va davolanishi samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi. 

Eshituvda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda aholi salomatligini muhofaza qilish, sil va OIV infeksiyalari tarqalishining oldini olish, psixotrop, giyohvand moddalarga qaramlikning profilaktikasi va undan davolanish samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadga yo‘naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ftiziatriya tizimidagi muassasalarning laboratoriyalari 160 dan ziyod talabga javob beradigan, sil bilan og‘rigan bemorlarni 2 soat davomida aniqlaydigan G-Xpert, sil mikobakteriyasining dorilarga chidamli turini aniqlaydigan 12 ta HAIN, bakteriologik usul bilan aniqlaydigan 17 ta MGIT kabi zamonaviy tashxislash jihozlari o‘rnatilgan. 

Olis, chekka va tog‘li hududlarda yashovchi aholida nafas a’zolari kasalliklariga skrining qilish maqsadida 7 ta “O‘pka salomatligi” mobil brigadasi tashkil qilinib, zamonaviy sun’iy intellekt tizimi bilan ishlovchi mobil rentgen uskunalari bilan jihozlangan. Bundan tashqari, Prezidentimizning tegishli qarori bilan joriy yilda ftiziatriya va pulmonologiya tizimidagi 16 ta muassasani 47 turdagi zamonaviy tashxislash, davolash va reanimatsiya uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilgan. 

Eshituvda qayd etilganidek, mamlakatimizda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish borasida zamonoviy talablarga javob beradigan respublika, hududiy hamda tumanlararo OITSga qarshi kurashish markazlari tashkil etilgan. Ular OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxis quyish uchun tegishli asbob uskunalar bilan jihozlangan. 

Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida 2022 yilda 2021 yilga nisbatan sil kasalligi bilan kasallanish intensiv ko‘rsatkichi 35,2 dan 34,9 ga pasaygan. OIV infeksiyasini aniqlash bo‘yicha 2023 yilda 2022 yilga nisbatan tekshiruvdan o‘tkazilganlar soni 20 foizga oshgan bir vaqtda infeksiya aniqlanganlar 0,4 foizga kamaygan. 

Aholi, ayniqsa, yoshlarni giyohvandlikning salbiy oqibatlaridan xabardorligini ta’minlash maqsadida respublika bo‘yicha 397 ta maktab, 156 ta o‘rta-maxsus ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari, 886 ta mahalla faollari orasida psixoaktiv moddalar iste’mol qilganlik belgilarini aniqlash bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazilgan. Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Call-markaz” tashkil etilib, giyohvandlikka chalingan shaxslar yoki ularning qarindoshlari tomonidan maslahat olish imkoniyatlari kengaytirilgan. 

Eshituv davomida deputatlar chet davlatda uzoq muddat bo‘lib, yashash joylariga qaytib kelayotgan mehnat migrantlarini OIV infeksiyasiga tekshiruvni kuchaytirish, GDF xalqaro tashkiloti orqali xarid qilinadigan silga qarshi dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarini tezlashtirish, nosoz holga kelib qolgan diagnostika uskunalarini o‘z vaqtida ishchi holatga keltirib qo‘yish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 

M.Komilova, O‘zA