Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili 1 milliarddan ortiq bola turli zo‘ravonliklarga duchor bo‘lyapti 
18:18 / 2024-02-19

Ma’lumotlarga qaraganda, dunyo bo‘yicha har yili 1 milliarddan ortiq bola turli xil zo‘ravonliklarga duchor bo‘lyapti va bu raqam yildan yilga oshib boryapti. “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyada har bir davlat bolalarni zo‘ravonlik, ekspluatatsiya, tahqirlash va g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik kabi holatlardan himoya qilish uchun barcha choralarni ko‘rishi belgilangan. Ya’ni, Konvensiyada zo‘ravonlikning bir necha turi sanalgan.

Mamlakatimiz mustaqillikdan so‘ng xalqaro hujjatlar ichida birinchilardan bo‘lib “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyani ratifikatsiya qildi va milliy qonunchiligimizni bu boradagi xalqaro talablarga moslashtirishga katta e’tibor qaratildi. Xalqaro Konvensiyada zo‘ravonlikning bir necha turlari ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, lekin O‘zbekiston amaliyotida faqat jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik bilan kurashib kelinadi. 

Xalqaro talab va huquqni qo‘llashdagi muammolardan kelib chiqib, “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, bolalar zo‘ravonliklarining oltita turi aniq belgilanmoqda. Bular — jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlik bilan birga, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya va hozir keng tarqalayotgan bullingdir. 

Amaliyotda bolalar zo‘ravonligi bilan asosan huquqni muhofaza qilish organlari kurashyapti va bu kutilgan natijani bermayapti. Ya’ni, qonun darajasida bu bilan shug‘ullanadigan yagona davlat organi belgilanmagan. Shu bois, Ijtimoiy himoya milliy agentligi bu boradagi ishlarga mas’ul etib belgilanmoqda. 

Agentlik zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatish, maslahat berish maqsadida butun O‘zbekiston hududida tun-u kun ishlaydigan bepul telefon liniyasi tarmog‘i ishlab turishini ham ta’minlaydi. Yana to‘qqizta davlat organi bu ishlar bilan shug‘ullanadi. Bolalar milliy komissiyasi esa barcha ishlarni muvofiqlashtirib boradi. 

Mazkur qonun loyihasi bilan ilk bor yangi institut joriy qilinyapti. Ya’ni, endilikda bolalarga ham himoya orderi berish taklif etilyapti. Order vakolatli organ tomonidan zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining qonuniy vakiliga yoki bolani o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxsga hamda zo‘ravonlikdan jabrlanuvchining o‘ziga beriladi. 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi holat yuzasidan ma’lumotlar kelib tushgan paytdan boshlab 24 soat ichida vaziyatni baholab, natijasiga ko‘ra himoya orderini beradi yoki rad etadi. Shu bilan birga, zo‘ravonlik sodir etgan oilalar bilan ishlash instituti ham joriy etilmoqda. 

Zo‘ravonlik to‘g‘risidagi ariza bilan tegishli vakolatli organlarga yoki sudga murojaat etish, maxsus markazlarda, shuningdek, bepul telefon liniyasi orqali tekin huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy va boshqa yordam olish kabi imkoniyatlar yaratilishi nazarda tutilmoqda. 

Mazkur qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi hamda “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyalarining yig‘ilishlarida qizg‘in muhokama qilindi. Ularda deputatlar qonun loyihasining o‘ta dolzarbligini qayd etgan holda o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdilar. 

Deputatlar zo‘ravonlik faqatgina jismoniy zarba berish bilan o‘lchanmasligi, ruhiy, ma’naviy zo‘ravonlik, ya’ni oziq-ovqat, kiyim-kechak yoki boshqa masalalardagi kamsitishlarni ham nazoratga olish muhimligini ta’kidladi. 

Har ikkala fraksiya yig‘ilishidagi qizg‘in muhokama va savol-javoblardan so‘ng qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA