Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har yili 1 milliard bola zo‘ravonlikning turli shakllaridan aziyat chekadi
18:27 / 2023-10-10

Bugun poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan davra suhbatida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qabul qilish uchun milliy darajada tezkor va qat’iy choralar ko‘rish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva, BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Regina De Dominitsis, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansurbek Olloyorov, mazkur Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyeva so‘zga chiqdi.  

Davlatimiz rahbari boshchiligida boshlangan islohotlar ko‘plab sohalar kabi bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasi sohasida tub o‘zgarishlarni boshlab bergani, yangilangan Bosh qomusimizda bola huquqlari kafolatlariga alohida urg‘u berilgani va bolalarga oid ijtimoiy siyosat, avvalo, ta’lim sohasida namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi. 

Aynan shunday islohotlar ijrosida bolalarni zo‘ravonlikning barcha turlaridan himoya qilish va O‘zbekiston bolalari uchun xavfsizroq va yanada qulay muhitni yaratish ustuvor vazifalardan biridir. Bu yo‘ldagi birinchi muhim qadam sifatida “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasini qabul qilish uchun milliy darajada tezkor va qat’iy choralar ko‘rish hamon dolzarbligicha qolmoqda.    

[gallery-13939]

Mazkur davra suhbatidan ko‘zlangan maqsad ham “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasidagi asosiy masalalarni muhokama qilish va uni yanada takomillashtirish yuzasidan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishdir.    

Tadbirda adliya vaziri o‘rinbosari Sherzod Rabiyev qayd etganidek, bugun globallashuv davrida irodasi baquvvat, mustaqil dunyoqarashga ega, sog‘lom va har tomonlama barkamol avlodni shakllantirish oldimizda turgan muhim vazifalar hisoblanadi. Afsuski, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik jamiyatdagi jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan har 10 nafar boladan 6 nafari har kuni jismoniy zo‘ravonlikka uchraydi.    

– Ushbu raqamlar bugungi yig‘ilish kun tartibiga qo‘yilgan masalalar qay darajada dolzarbligini ko‘rsatadi, – dedi Sh.Rabiyev. – Bolalarga nisbatan turli shakllardagi tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish holatlari, ayniqsa, ta’lim muassasalaridagi bolalarning o‘zaro bir-birini kamsitishi, oilada ota-onasi tomonidan zo‘ravonlik holatlari soni yil sayin ortib bormoqda. Ta’kidlash kerakki, bolalarning huquq va manfaatlariga jiddiy xavf solib kelayotgan ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyihani ishlab chiqishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi mutaxassislari, shuningdek, loyiha konsepsiyasini yaratishdan boshlab barcha jarayonlarda BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) ekspertlarining jalb qilingani muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, qonun loyihasini yaratishda xorijiy tajriba ham o‘rganildi. Jumladan, loyihada bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlari bayon etilib, sohaga mas’ul o‘ndan ortiq vazirlik va idoralarning vakolatlari belgilab berilmoqda.    

BMT Bolalar jamg‘armasi (YUNISEF)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bolalarni himoya qilish bo‘yicha departamenti rahbari Antoniya Lyudeke mazkur qonun loyiha bo‘yicha tadbirda bildirilgan fikr-mulohazalar dolzarb ekanini qayd etdi.  

– Har yili dunyo mamlakatlarida deyarli 1 milliard bola zo‘ravonlikning turli shakllaridan aziyat chekadi. Bugun biz tadbirda eshitgan raqamlar ommaga ko‘rinadigan qismi, xolos. Lekin juda ko‘p holatlarda bu borada kamdan-kam murojaat qilinadi. Bugun davra suhbatida muhokama qilinayotgan qonun loyihasining ahamiyati va muhimligi shundan iboratki, ushbu qonun tasdiqlangan va qabul qilingandan keyin bola huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritadigan tashkilotlarga aniq vazifa va maqsadlarni qo‘yadi. O‘z navbatida, bolalarga qarshi zo‘ravonlikning oldini olish va ro‘y bergan holda o‘z vaqtida choralar ko‘rishga imkoniyat yaratadi, – dedi Antoniya Lyudeke xonim.  

 

Nasiba Ziyodullayeva,  

O‘zA muxbiri