Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har uch o‘zbekistonlikdan bittasi fashizmga qarshi jang qilgan
17:54 / 2022-05-06

Ayni kunlarda 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida erishilgan buyuk g‘alabaning 77 yillik shonli bayramini keng nishonlash maqsadida qator uchrashuv va davra suhbatlari, seminar va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.

Jumladan, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi hamda Mudofaa vazirligi tashabbusi bilan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini va front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarni e’zozlash — O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri” mavzusida o‘tkazilgan seminar ham ayni maqsadga qaratildi.

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida bo‘lib o‘tgan mazkur anjumanda Senat a’zolari, Mudofaa vazirligi vakillari, Ichki ishlar akademiyasi, Jamoat xavfsizligi, Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetlari professorlari, harbiy xizmat faxriylari hamda tegishli davlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Q.Burxonov, mudofaa vaziri o‘rinbosari H.Qarshiyev so‘zga chiqib, bugungi tinchlik-osoyishtalik uchun jangohlarda qon kechgan ota-bobolarimizning mardonavor jasoratiga to‘xtalib o‘tdi.

[gallery-6971]

— Prezidentimiz tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni o‘rganishda tom ma’noda yangi davr boshlandi, — dedi Senat qo‘mita raisi Q.Burxonov. — Natijada yangi ma’lumotlar va raqamlar qayd etildi. Xususan, yangi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan 1 million 951 minga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlangan. Har uch o‘zbekistonlikdan bittasi qo‘liga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan, 451 ming yurtdoshlarimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar davomida e’tibordan chetda qolib kelgan. Tarixiy ma’lumotlarni chuqur o‘rganish evaziga Vatan ozodligi yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimizning nomini tiklash va ularning jasoratini, vatanparvarligini yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib qilishimiz lozim.

Seminar ishtirokchilari el-yurt manfaati, tinchligi, xalq osoyishtaligi uchun umrini baxshida etgan insonlar hamisha e’zozga munosib ekanligini alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, o‘tganlarni xotirlab, safimizda qarilik gashtini surayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari va keksalarni e’zozlab, qadrlab yashash lozimligi qayd etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA