Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har tuning qadr bo‘libon, har kuning bo‘lsin Navro‘z
10:35 / 2022-03-12

O‘tmishdagi ajdodlardan meros qolgan g‘ajir nay va sibizg‘a qanday yasaladi?

Surxondaryo noyob va nafis nomoddiy – madaniy boy merosi bilan dunyo ahlini maftun etib keladi. Do‘mbira, chanqovuz, sibizg‘a singari musiqa asboblarida ijro etiladigan nafis kuylar dunyo xalqlarini ham beixtiyor o‘ziga rom etadi. Jozibali raqsga undaydi. 

O‘tgan yil kuz fasli. Termiz shahrida milliy suvinerlar festivali o‘tkazilayotgan edi. Festival bilan gretsiyalik sayyoh Zeimpeas Kiryakos ham miriqib tanishdi. Badiiy qismida Boysun tumanidagi Dashtig‘oz madaniyat markazi to‘garak rahbari Bo‘riqul Jummayev qadimiy musiqa asbobi sibizg‘ani o‘ynatib chala boshladi. Oddiy qamishdan taralayotgan mayin kuy barchani o‘ziga rom etdi. Surxondaryolik hunarmandlar qo‘li bilan yaratilgan turli milliy suvinerlarni miriqib tomosha qilayotgan gretsiyalik sayyoh ham kuy chalinayotgan davraga keldi. Avvaliga san’atkorni qo‘l telefonida videotasvirga, suratga oldi. Keyin bir zum kuzatib turdi-da, raqsga tusha boshladi. Musiqa to‘xtagach, Bo‘riqul Jummayevning qo‘lini siqib, salomlashdi. Cholg‘usi nimadan qanday yasalishi bilan qiziqdi. Qo‘liga oldi. Chalib ko‘rdi. San’atkor xorijlik mehmonga sibizg‘ani ushlash, puflash sirlarini o‘rgatishga urindi. Narxini so‘rab, sotib olaman, deganida gretsiyalik mehmonga sovg‘a qilib yubordi. 

Bo‘riqul Jummayevning viloyatda o‘tkazilgan tadbirlarda g‘ajir nay va sibizg‘ada musiqa chalib, xorijlik sayyohlarni raqsga tushirganiga ko‘p duch kelganman. Bu san’atkor sifatidagi mahorati.Uning ko‘pchilik bilmaydigan yana bir hunari borki, bo‘sh vaqtlarida ajdodlardan meros qolgan g‘ajir nay va sibizga yasash bilan ham shug‘ullanadi. 

Boysunga ko‘klam engan shu kunlarda 45 yoshni qarshi olgan B.Jummayev bilan an’anaviy musiqa cholg‘ularini yasash sirlari haqida gurunglashib qoldik. 

Surxondaryo taraflarda o‘tmishdan chorvachilik va dehqonchilik yaxshi rivojlangan. Shu bois bu jarayonlarga bog‘liq xalq qo‘shiq va kuylari yaratilgan. Sibizg‘a, g‘ajir nay kabi musiqa asboblari cho‘ponlarning eng yaxshi ko‘rgan sozi bo‘lgan. Quvonch va g‘amini ham, dardu-tashvini ham sirli ohanglarda tarannum etgan.

–Maktabda o‘qib yurgan kezlarimda qo‘y-qo‘zilarni tog‘ yonbag‘lariga olib borib, boqishga qiziqqanman,–deydi Bo‘riqul Jummayev.– Zeriksam sibizg‘a chalishni mashq qilganman. Maktabni tugatib, san’at kollejida o‘qidim. Surnay, g‘ajirnay, doira chalish sirlarini o‘rgandim. 

Hayotini Boysunning nafis san’atini dunyoga keng tarannum etishga bel bog‘lagan suhbatdoshimiz tumandagi ansabllarda badiiy, musiqa va klub rahbarlari bo‘lib ishladi. Ayni paytda Dashtig‘oz madaniyat markazida to‘garak rahbari sifatida yoshlarga qadimiy sozlarni chalish sir-sinoatlarini o‘rgatmoqda. Shuningdek, g‘ajir nay, sibizg‘a yasab, ajdodlardan meros qolgan nafis sozlarni dunyoga keng tarannum etmoqda.

–An’anaviy bu musiqa cholg‘ularini chalish ham, yasash ham menga o‘zgacha zavq ulashadi. Ajdodlarimiz g‘ajir nayni cho‘l va tog‘ burguti qanotining suyagidan yasagan,–deydi Bo‘riqul Jummayev.–Qanoti kesib olingach, suyagi nay yasashga mo‘ljallanib, olinadi va buloq botqog‘ining qoraloyiga roppa-rosa 40 kun ko‘mib qo‘yiladi. Shu davrda suyakning go‘shtlari ajralib qoladi. Suyak va go‘shtning hidi yo‘qolib, puflash uchun toza bo‘ladi. Shundan so‘ng suyakka ishlov berilib, chalish uchun nay yasaladi.

–Bir gal suhbatlashganimizda sibizg‘a ham yasayman, degan edingiz. Bu sozni yasashning siri nimada?

–Bilasizmi, sibizg‘a qamishdan tayyorlanadi,–deydi B.Jummayev.–Biroq, barcha turdagi qamishlardan yasalgan sibizg‘ada nafis kuylarni chalib bo‘lmaydi. Yana bilsangiz, Sho‘rchida toshg‘orov, degan yovvoyi ichi g‘ovak qamish o‘sadi. Ana shu qamish pishib, yetilgach, kuzda kesib olib, quritaman. Keyin ichini yaxshilab tozalayman. Kesib, puflash uchun til chiqaraman. Bo‘g‘inidan barmoq izi hajmida oltitagacha teshikcha yasayman. Tayyor bo‘lgach, uni puflab, barmoqlarni teshikka qo‘yib, harakatlantirib istagan kuyingizni chalishingiz mumkin.

O‘tmishdagi ajdodlar e’zozlab kelgan bu sozlarni B.Jummayev nafaqat mehr bilan yasaydi balki, ularda nafis kuylarni maromiga yetkazib ijro ham etadi. Tinglovchini Boysunning purviqor go‘zal tog‘lari va so‘lim adirlariga, zilol suvlari zumraddek tovlanib turgan shifobaxsh buloqlariga chorlaydi. 

Mohir sozanda va hunarmandning milliy madaniyatimiz hamda san’atimizni rivojlantirishdagi xizmatlari munosib rag‘batlantirilib, mustaqilligimizning 29 yillik bayrami arafasida “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. 

Maboda bahor nasimlari esayotgan shu kunlarda yo‘lingiz tushib, Surxon taraflarga kelsangiz, Navro‘z shodiyonalarida ishtirok eting. Bo‘riqul Jummayevning o‘zi yasagan musiqa sozlarida maroq bilan ijro etadigan kuylaridan zavq olasiz. Qo‘li, ko‘ngli ochiq sozanda va an’anaviy cholg‘ulariga maromiga yetkazib ta’rif bersangiz, yo g‘ajir nayli yoki sibizg‘ali bo‘lib qolasiz. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, 

O‘zA muxbiri