Joriy yilning 15 noyabr kuni Poytaxtimizdagi Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligidagi Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishida ikki davlat prezidentlari “Markaziy Osiyo” sanoat kooperatsiya markaziga rasman start berdilar. Bu loyiha asosida mintaqaning logistik va sanoat salohiyatini kuchaytirish, eksport imkoniyatlarini oshirish hamda yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsad qilingan.
Markaz Sirdaryo va Qozog‘iston hududidagi zamonaviy infratuzilma, transport yo‘llari, omborlar va ishlab chiqarish maydonlariga ega bo‘lib, logistika zanjirini optimallashtirib, xarajatlarni kamaytiradi va mahsulot yetkazib berish tezligini oshiradi.

Kompleksning umumiy maydoni 100 gektarni tashkil etadi, shundan 50 gektari Qozog‘iston qismiga, qolgani esa O‘zbekiston qismiga to‘g‘ri keladi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini qayta ishlash, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, kimyo, charm va to‘qimachilik kabi sohalarni rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Bu minglab yangi ish o‘rinlari va yuqori texnologiyalarga asoslangan korxonalarni tashkil etish imkonini beradi.

2026 yilning to‘rtinchi choragiga qadar infratuzilma qurilishi to‘liq yakunlanishi, 2027 yilning birinchi yarmida esa markaz tantanali ochilishi rejalashtirilgan. Bu qo‘shma korxonalarni rivojlantirish, eksport hajmlarini oshirish va Markaziy Osiyodagi iqtisodiy integratsiyani mustahkamlash uchun muhim qadam hisoblanadi.

– Tumanimizda ishga tushayotgan markaz tuman iqtisodini yuksaltirishga, ikki mamlakat o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash, ishsiz aholimizni muqim ish joylari bilan ta’minlash va daromadlarimizni oshirishga qo‘shimcha imkoniyat yaratadi. Eng asosiysi, mazkur loyiha nafaqat tuman, balki viloyat aholisi tomonidan katta xursandchilik bilan qabul qilindi, – deydi Akbarali Mirzaahmedov.

– Qo‘shni Qozog‘iston Respublikasining Maxtaorol va Yettisoy aholi punktlarida yashaydigan aholi bilan uzoq yillardan beri quda-anda, bordi-keldi aloqalari qilamiz. Nafaqat Sirdaryoda, balki qo‘shni hududda barpo etilayotgan ushbu majmua ana shu aloqalarni mustahkamlaydi, ikki davlat o‘rtasida savdo va ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantiradi. Buning uchun avvalo, prezidentimiz, muhtaram Shavkat Mirziyoyevga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz, – deydi yurtdoshlarimizdan biri G‘aybulla To‘ychiyev.

Markaz nafaqat mahalliy iqtisodiyotni, balki butun Markaziy Osiyodagi kooperatsiya va eksport salohiyatini kuchaytirishga katta hissa qo‘shishi kutilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri