Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qarich yerdan unumli foydalanish – samarali tajriba
18:28 / 2026-01-08

Keyingi yillarda mamlakatimizda tomorqadan samarali foydalanish, aholi orasida tomorqa madaniyatini shakllantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki tomorqa nafaqat oilaning kundalik ehtiyojini ta’minlaydi, balki qo‘shimcha daromad manbai, sog‘lom turmush tarzining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Buni teran anglab yetgan ayrim xonadonlar har bir qarich yerdan unumli foydalanib, o‘z tomorqasini fayzli va serhosil maskanga aylantirmoqda.

Shunday ibratli xonadonlardan biri Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani Denov mahallasida istiqomat qiluvchi Erkin Ostonov oilasidir. U ko‘p yillardan beri ta’lim sohasida faoliyat yuritib kelayotgan tajribali pedagog. Turmush o‘rtog‘i Ozoda Xudoyberdiyeva ham qariyb qirq yil davomida o‘qituvchilik qilib, hozirda nafaqada. Bu oila qishloqdagi totuv, mehnatsevar va namunaviy xonadonlardan sanaladi. Ikki o‘g‘il va uch qiz hayotdan o‘z o‘rnini topgan.

Oila a’zolari bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etib, tomorqadan oqilona foydalanishni odat qilgan. Tomorqada sholg‘om, karam, lavlagi, ismaloq, shivit, sarimsoqpiyoz, petrushka kabi turli sabzavot va ko‘katlar yetishtirilmoqda. E’tiborlisi, ekinlarni tanlashdan tortib, parvarishlashgacha bo‘lgan barcha jarayonda agrotexnik talablarga qat’iy amal qilinadi. Bu esa hosilning barakali bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

– Denov melioratsiya va suv xo‘jaligi texnikumida faoliyat yuritaman. Ishdan bo‘sh paytlarimda, ayniqsa, dam olish kunlari tomorqada mehnat qilish men uchun hordiq chiqarishdek, – deydi Erkin Ostonov. – Tomorqam katta emas, lekin har bir ekin uchun eng sifatli urug‘larni tanlab ekaman. Daraxtlar ham xuddi shunday. Agrotexnik qoidalarga amal qilish hosildorlikni oshirishini tajribada ko‘rib turibman. Ko‘kat va ziravorlar har bir oila tomorqasida bo‘lishi shart. Ular nafaqat iqtisodiy, balki salomatlik uchun ham juda foydali.

Tomorqada manzarali daraxtlar yozning jazirama kunlarida soya solib, hovliga fayz bag‘ishlaydi. Olma, xurmo, bodom, uzum, o‘rik, olcha, tut kabi mevali daraxtlardan olinayotgan hosil nafaqat oila ehtiyojini qoplaydi, balki ortiqchasi bozorga chiqarilib, qo‘shimcha daromad ham keltirmoqda. Shuningdek, 80 tupdan ortiq turli navdagi anjir daraxtlari ham mo‘l hosil beryapti.

– Gul ekish va ularni parvarishlash mening sevimli mashg‘ulotim, – deydi oila bekasi Ozoda Xudoyberdiyeva. – Yozda gullar hovlimizga xushbo‘y hid tarqatadi. Ayrimlari esa qishda ham ochilib, hovlimizga o‘zgacha chiroy bag‘ishlaydi. Shu bois qirovli kunlarda ham uyimizda bahor nafasi sezilib turadi.

Tomorqani ko‘zdan kechirgan har qanday kishi uning mo‘’jaz bo‘lishiga qaramay, juda tartibli, ozoda va maqsadli tashkil etilganiga amin bo‘ladi. Har bir daraxt va ekin o‘z o‘rnida bo‘lib, ehtiyotkorlik bilan parvarishlanmoqda.

Bunday ibratli tajribalar shuni ko‘rsatadiki, tomorqadan unumli foydalanish nafaqat oila daromadini oshiradi, balki mehnatsevarlik, tejamkorlik va yerga bo‘lgan mas’uliyatli munosabatni shakllantiradi. Agar har bir xonadon o‘z tomorqasiga shu ruhda yondashsa, ro‘zg‘or barakasi, qishloq farovonligi yanada yuksalishi shubhasiz.

O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri