French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qarich yerdan unumli foydalanish samarali natija beradi
15:50 / 2025-11-21

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi “Nodira Mansur qizi” fermer xo‘jaligi dalasida O‘zbekiston fermerlari kengashi tashabbusi bilan “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun bu – kelajak uchun poydevor” g‘oyasi asosida Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining qishloq xo‘jaligi sektori vakillari ishtirokida o‘tkazilgan ko‘rgazmali seminarda ayni shu mavzuda so‘z yuritildi.

Seminarda yer resurslaridan samarali foydalanish yo‘nalishida to‘qsonbosti ekinlari ekish, dala chetlarini o‘zlashtirish va bog‘-tok maydonlarida agrotexnika tadbirlarini takomillashtirish mavzulari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 30 dekabrda qabul qilingan “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirish hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ushbu yo‘nalishda muhim dasturilamal ekani ta’kidlandi.

Ushbu qaror asosida qator oralaridan foydalanish, dala cheti, irrigatsiya va melioratsiya ob’ektlari himoya qatlamlarida ekinlarni ko‘paytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.

Mansur Eshev rahbarlik qilib kelayotgan Shahrisabz tumanidagi ko‘p tarmoqli “Nodira Mansur qizi” fermer xo‘jaligining umumiy yer maydoni 86,8 gektar bo‘lib, shundan 75,5 gektari sug‘oriladigan maydon, 1,8 gektari yaylov, 2,7 gektari mevali bog‘. Bog‘ qator oralarining 1,7 gektariga piyoz ekilgan.  

Tadbir davomida fermerlar uchun amaliy tajriba maydonida Shahrisabz tumani bog‘-tok qatorlarida ekinlarni joylashtirish, yer unumdorligini oshirish va agrotexnik tadbirlarni sifatli bajarish bo‘yicha so‘z yuritildi.

Bog‘ va tokzorlardagi bo‘sh joylardan oqilona foydalanish orqali qishloq xo‘jaligi mahsulotlari miqdorini ko‘paytirish mamlakatning eksport salohiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, dukkakli to‘qsonbosti ekinlariga xalqaro bozorlarda talab yuqori bo‘lib, ularni qayta ishlash va eksport qilish yaxshi iqtisodiy samara berishi ta’kidlandi.

Tadbirda fermerlar, tomorqa yer egalari va eksportchi korxonalar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida ham amaliy takliflar bildirildi.

[gallery-26368]

Ma’lumot o‘rnida, Qashqadaryo viloyatida joriy yilda 14 ming 269 gektar maydonga to‘qsonbosti ekinlari ekilishi reja qilingan. Shundan 10 ming 998 gektari bog‘ va tok qator oralariga, 3 ming 228 gektari dehqon xo‘jaliklari yer maydonlariga, 43 gektari ochiq maydonlarga ekilishi maqsad qilingan. Bugungi kunga qadar 3 ming 652 gektar maydonga to‘qsonbosti ekinlari ekib bo‘lindi. Ekish ishlari bosqichma-bosqich davom etmoqda.  

To‘qsonbosti ekinlarini ekish nafaqat fermerlar uchun qo‘shimcha daromad, balki mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda ham muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.  

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari