English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qarich yerdan maqsadli foydalanish –farovonlik garovi
12:02 / 2026-03-10

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini izchil rivojlantirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanish, yangi daromad manbalarini yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida keng ko‘lamli islohotlar qilinyapti. Natijada aholi uchun imtiyozlar yanada ko‘paydi.

Xususan, bugungi kunda tomorqa yer maydonlari va dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yerlar aholi daromadini oshirish, ichki bozorni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Yer — bu boylik va baraka manbai. Undan oqilona va samarali foydalanish har bir insonning fuqarolik mas’uliyatidir.

Shu munosabat bilan 2026-yilda Toshkent viloyatining 883 ta mahallasidagi 32 ming 315 gektar aholi tomorqasi va 19 ming 736 gektar dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan yer maydonlarida bahorgi ekinlar ekish rejalashtirilgan. Shu asosida yuqori daromadli, eksportbop hamda bozor talabi yuqori bo‘lgan mahsulotlar yetishtirish ko‘zda tutilgan. Bu esa minglab oilalarning daromadini oshirish, bandligini ta’minlash va farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.

— Ta’kidlash joizki, aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ko‘plab imtiyoz va subsidiyalar joriy etilgan. Xususan, namunali va innovatsion loyihalar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravarigacha grant beriladi. Usta dehqonlarga 2 mln so‘mdan 75 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi. Vertikal sug‘orish quduqlari harajatlarining 100 foizi (belgilangan miqdorgacha) qoplab beriladi. Joylarda quduq burg‘ilash va quyosh panellari o‘rnatish harajatlarining 70 foizi subsidiya qilinadi. Shu bilan birga, uzumchilik, bog‘dorchilik va tomchilatib sug‘orish tizimlari uchun aholiga moliyaviy ko‘mak qilinadi. 7 yilgacha imtiyozli kreditlar hamda 5 yilgacha lizing asosida uskunalar ajratiladi, — deydi Toshkent viloyat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldashov.

Bundan tashqari, tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish ustidan har chorakda monitoring o‘tkaziladi. Yer maydonlari qarovsiz qoldirilgan taqdirda berilgan imtiyozlar bekor qilinishi, kredit mablag‘lari ajratilmasligi hamda yer solig‘i miqdori oshirilishi mumkin. Shu bois, har bir fuqaro o‘ziga biriktirilgan yer maydonidan oqilona foydalanib, yuqori hosildorlikka erishishi va oilasi daromadini oshirishga intilishi lozim.

Toshkent tumanidagi “Oltin Ufq agro” fermer xo‘jaligi 2026-yil bahor mavsumida jami 18 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni o‘z oldiga aniq maqsad qilib qo‘ygan edi. Bu tashabbus nafaqat suv resurslaridan oqilona foydalanish, balki hosildorlikni oshirish va harajatlarni kamaytirishga xizmat qiladi.  

Mazkur fermer xo‘jaligi tumandagi suv tejovchi texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi “KAVSAR” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan “Quyosh panellari orqali elektr energiyasiz mobil ko‘chma suv yetkazib berish tizimi”ni xarid qilgan hamda korxona bilan loyiha kelishuv bitimlari tuzilgan. Ushbu innovatsion tizim energiya tejamkorligi va qulayligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda xo‘jalik hududida suv ombori qurish ishlari olib borilmoqda, qator oralariga ekinlar ekish tadbirlari boshlangan.  

Bekobod tumanida ham aholining tomorqa yerlaridan samarali foydalanish, dehqon xo‘jaliklarini rivojlantirish hamda bandlikni ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, "Ilg‘or" mahalla fuqarolar yig‘ini ham kartoshkachilikka ixtisoslashgan. Shu kunlarda dalalarda ishlar qizg‘in.Mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib,  kartoshka ekish mavsumini boshlab yubordi.  

Dalalarda yuqori hosil umidida ter to‘kilmoqda. Ilg‘orliklar o‘z nomiga munosib bo‘lishga intiladi. Bu mahallada mehnat — an’ana, hamjihatlik esa hayot tarziga aylangan.

A. Musayev, O‘zA