French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Har qanday yutuq, g‘alabaga mehnat orqali erishiladi
11:24 / 2023-03-26

Zulfiyaxonim izdoshlari

Prezidentimizning joriy yil 6 martdagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning bir guruh iqtidorli qizlari qatorida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti San’atshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Hurliman Niyetbayeva ham Zulfiya nomidagi davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida tug‘ilgan Hurliman yoshligidan san’atga, baxshichilikka qiziqdi. 11 yoshida tumandagi 16-Bolalar musiqa va san’at maktabining baxshichilik va sozandachilik bo‘limiga o‘qishga qabul qilinib, ustozi Amangul Bekbosinova rahbarligida baxshilik sirlarini o‘rgandi. O‘quvchilik davrida bir qancha ko‘rik tanlovlarda, bayram tadbirlarida faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni egallab keldi.  

Bu qiziqishi uni Nukus madaniyat va san’at kollejiga yetaklab keldi. Bu yerda “Do‘stlik” ordeni sohibi Oralbay O‘tambetovdan baxshichilik sirlarini o‘rgandi, o‘zining mehnatsevarligi va intilishi bilan boshqalardan ajralib turdi. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida, dam olish kuni bo‘lishiga qaramasdan Xo‘jayli tumaniga kelib  ustozidan doston ijrochiligi va baxshichilik san’ati bo‘yicha darslarni erinmasdan o‘rgandi. Chunki, ustozining oldingi shogirdi Dinara Nuratdinova singari Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori bo‘lishni o‘z oldiga maqsad qilib oldi.

Qoraqalpoq davlat universiteti San’atshunoslik fakultetida o‘qishni boshlagan davridan boshlab,  intiluvchan, mehnatsevar va tirishqoq talaba sifatida berilgan har bir topshiriq va vazifalarga mas’uliyat bilan yondashib, o‘zini ijobiy tomondan namoyon qilib keldi. O‘zining ilmga chanqoqligi, muomalasi va intizomli xulqi bilan professor o‘qituvchilarning hurmat-e’tiborini qozonib, tartib-intizomi, jamoat ishlarida faolligi bilan ajralib turdi. Tinimsiz izlanishlari orqali bilim va tajribasini yanada oshirishga harakat qildi. Talaba o‘qish davomida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha o‘tiladigan barcha fanlarni qunt bilan o‘zlashtirib keldi.  

Hurliman Niyetbayeva 2020 yil Qozog‘iston Respublikasining Olmota shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro “Gran Premiyum” tanlovida  birinchi o‘rinni egallab,  2021 yil “Yosh baxshi, jirovlar” tanlovining respublika bosqichida “Eng yaxshi ayol baxshi ovozi” nominatsiyasi, 2022 yil “Baxshi, oqin va jirovlar” respublika ko‘rik tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida “Eng iqtidorli ayol baxshi” nominatsiyasi bilan taqdirlandi.

— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlarni e’zozlash, ularning ezgu orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti rektorining Xotin–qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Injayim Seytnazarova. – Iqtidorli talaba  qizlarning nufuzli chet el oliy o‘quv yurtlariga bakalavr va magistraturaga yuborilishi, doktarantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun maqsadli kvota ajratilishi,  magistraturada o‘qiyotgan qizlarning, shuningdek, ehtiyojmand oila vakillari, otasi yoki onasini yo‘qotgan talaba qizlarning ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lab berilayotgani buning yaqqol isbotidir.

Joriy yilda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti uchun tanlovning mamlakatimiz bosqichida 7 ta yo‘nalish bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 25 nafar nomzod ishtirok etgan bo‘lsa, shuning 11 nafari universitet talabasi hisoblanadi. Ularning har biri o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha g‘oliblikka asosiy davogarlardan edi. Mukofot universitetning San’atshunoslik fakulteti 3-bosqich talabasi Hurliman Niyetbayevaga nasib qildi. Albatta, u ham o‘qishda va jamoat ishlarida barcha talabalarga namuna bo‘la oladigan yoshlardan biri. Kelajakda uning taniqli san’at va ilm arbobi, bilimli va iqtidorli mutaxassis bo‘lib chiqishiga umid qilamiz.  

Shu tariqa, Orolbo‘yidagi nufuzli o‘quv yurtlaridan biri - Qoraqalpoq davlat universitetidan Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar soni 7 nafarga yetdi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA